O‘zbekiston | 14:55 / 17.08.2019
4500
5 daqiqa o‘qiladi

Parlamentda axborot tarqatish sohasiga oid qonun hujjatlarining holati muhokama qilinishi rajalashtirilmoqda

Foto: parliament.gov.uz

2019 yil 17 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari hamda dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqovning «Axborotni tarqatish sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi masalaga bag‘ishlangan parlament eshituvini o‘tkazish haqidagi masala deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi. 

Shu bois, O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalari deputatlaridan iborat Demokratik kuchlar bloki tashabbusi bilan tashkil etilishi rejalashtirilayotgan mazkur parlament eshituvi kun tartibida belgilangan dolzarb mavzu muhokamasi qizg‘in kechdi. Unda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyat hayotining turli jabhalarini takomillashtirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Milliy axborot sohasining liberallashtirilishi aholining media savodxonligini oshirishga, davlat va jamiyat orasida ochiq konstruktiv axborot almashinuvini faollashtirishga xizmat qilishi bilan birga, ommaviy axborot vositalari yordamida jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini oshirishga ham imkon yaratdi.

Milliy axborot sohasining rivojlanishi barobarida demokratik o‘zgarishlar bilan birga, fuqarolarning axborot huquqlari buzilishi va yana bir qator jiddiy muammolar ham ko‘zga tashlana boshladi. Bugungi kunda tashqi va ichki axborot tahdidlarning kuchayib borishi davlat va jamiyat barqarorligi uchun potensial xatarga aylanib, barqaror rivojlanish jarayonlariga to‘sqinlik qilmoqda hamda shaxs, davlat va jamoatchilik axborot xavfsizligining buzilishiga olib kelmoqda.

Bugungi zamonning eng dolzarb muammolaridan biri — internet tarmog‘i orqali nolegal, noxolis axborotlarning ommaviy tarqatilishidir. Ijtimoiy tarmoqlardan, tezkor xabarlarni tarqatish texnik maydonchalaridan, ommaviy axborotlarni tarqatish messenjerlaridan fuqarolarning shaxsga doir huquqlari, ularning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi axborotning konfedensialligi qo‘pol ravishda buzilgan holda foydalanish holatlari ko‘plab uchramoqda. Internet tarmog‘ida shaxsini aniqlab bo‘lmasligi imkoniyatidan foydalanib, ayrim foydalanuvchilar qonunlarda ta'qiqlangan haqorat va tuhmatga asoslangan axborotlarni tarqatmoqda.

Eng xavflisi, balog‘at yoshiga yetmagan bolalar va yoshlar uchun ham bunday nolegal axborotlarning tarqatilayotganidir. Yoshlar ulg‘ayishining fiziologik va psixologik xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, ular internet tarmog‘idagi qonunga xilof ravishda tarqatilayotgan axborotlarning qurboniga aylanib qolmoqda.

Nolegal axborotlar tarqatilishi jarayonlariga qarshi keskin kurashish uchun tegishli davlat organlarining aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan harakatlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarda belgilangan qoidalar amaliyotining samaradorligini ta'minlashni talab etadi.

Parlament eshituvi doirasida milliy axborot makonini yanada barqaror rivojlantirish maqsadida axborot sohasining milliy qonunchiligini optimallashtirish yo‘llarini muhokama qilish uchun tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari hamda mas'ul xodimlarini jalb qilgan holda, hukumat a'zolarining axborotini eshitish rejalashtirilgan.

Demokratik kuchlar blokining parlament eshituvini o‘tkazish bo‘yicha ushbu taklifi deputatlarning qizg‘in munozarasiga sabab bo‘ldi. Parlament vakillari ushbu masalaning bugungi kun uchun nihoyatda dolzarblik kasb etayotganini inobatga olgan holda, birgina Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati bilan cheklanmasdan, Vazirlar Mahkamasining mutasaddilari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining ham bu masalaga munosabatini eshitish maqsadga muvofiqligini qayd etdilar. Ushbu taklif bir ovozdan ma'qullandi.

Mavzuga oid