O‘zbekiston | 20:25 / 23.07.2024
5429
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi mahkum o‘zbekistonliklar jazoni vatanida davom ettirishi mumkinligi belgilanmoqda

Yangilik «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan.

Xorijiy davlatlarda jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilgan va jazoni o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolari jazo muddatining qolgan qismini O‘zbekistonda davom ettirishi mumkinligi qonunchilikka kiritilishi mumkin. Bu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqildi.

Qayd qilinishicha, yangilik «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan.

Shuningdek, loyihada xorijiy davlat hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki ushbu qilmishni sodir etganidan keyin ruhiy kasallikka duchor bo‘lgan shaxsga xorijiy davlat sudining unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburiy choralarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarori bo‘lsa, majburiy davolashni O‘zbekistonda amalga oshirish uchun qabul qilinishi mumkinligi ham nazarda tutilgan.

Majlisda O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova loyiha haqida ma’lumot berar ekan, qator davlatlar bilan mahkumlarning jazo o‘tashini O‘zbekistonda davom ettirish bo‘yicha xalqaro shartnomalar imzolanganini ta’kidladi:

– Biroq bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida xorijiy davlatlar sudlarining qarorlarini tan olish va ijro etish, mahkumlarni topshirish va qabul qilish asoslari, sud jarayoni ishtirokchilarining protsessual maqomi hamda jazo belgilashni tartibga soluvchi qoidalar nazarda tutilmagan. Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksi xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilish va xorijiy davlatga berish to‘g‘risidagi alohida bob bilan to‘ldirilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi xorijdagi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini yanada samarali himoya qilishga, ularning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazilishining oldini olishga xizmat qiladi, – dedi Svetlana Ortiqova.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Mavzuga oid