O‘zbekiston | 20:52 / 20.08.2019
11848
2 daqiqa o‘qiladi

«Ganga» va sirk oldidagi attraksionlar o‘zboshimchalik bilan qurilgani, ruxsatnomasi yo‘qligi ma'lum qilindi

Bugun, 20 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan «Istirohat bog‘laridagi attraksionlar: ularda uchrayotgan muammolar va yechimlar» mavzusida OAV xodimlari uchun anjuman tashkil etildi.

Tadbirda attraksionlarning texnik xavfsizligi, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, operatorlarni o‘qitish, sertifikatlashtirish masalalariga alohida urg‘u berildi. Qo‘mita raisi Baxtiyor G‘ulomov sohada yig‘ilib qolgan qator muammolar haqida gapirib o‘tdi.

«Madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan 1845ta attraksiondan 450tasida texnik kamchiliklar aniqlandi va faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha ogohlantirildi. Bular asosan Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Toshkent shahrida eng katta ko‘rsatkich – 205ta attraksionning xavfsizligi talabga javob bermaydi. Attraksionlar joylashuvi bo‘yicha aniq talablar qo‘yilgan, lekin amalda buni ko‘rmaymiz. Masalan, xalq tilida «Ganga» va Toshkent davlat sirki oldidagi maydonchaga o‘rnatilgan attraksionlar o‘zboshimchalik bilan qurilgan, ruxsatnomasi yo‘q. Qurilgan joy attraksionlar uchun mos emas. Bu bo‘yicha hokimliklarga murojaatnomalar kiritganmiz», deya G‘ulomovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

G‘ulmovning qo‘shimcha qilishicha, bunday holatlar kelib chiqishiga sabab shu paytgacha davlat nazorati o‘rnatilmagani uchun tadbirkorlar o‘zboshimchalik bilan faoliyat yuritgan. Shu bilan bir qatorda, attraksionlarni sertifikatsiyadan o‘tkazish ixtiyoriy tartibda bo‘lgani ham holatga sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid