Jahon | 19:21 / 20.08.2019
14887
3 daqiqa o‘qiladi

Putinni haqorat qilgan gruziyalik jurnalist “Rustavi 2” telekanalidan bo‘shatildi

Giorgiy Gabuniya/Foto :Rustavi 2

Gruziyaning “Rustavi 2” telekanalida rahbariyat o‘zgargandan keyin yetakchi jurnalistlar bo‘shatila boshlandi. Jumladan, iyul boshida efirda Rossiya prezidenti Vladimir Putinni haqorat qilgan boshlovchi Giorgiy Gabuniya o‘z ishidan mahrum bo‘lgan.

“Manfaatlar ixtilofi sababli telekanalning axborot xizmati rahbari Nodar Meladze, prodyuser va tahliliy ko‘rsatuvlar boshlovchisi Eka Kvesitadze hamda yana bir necha prodyuser va boshlovchilar, jumladan boshlovchi Giorgiy Gabuniya bo‘shatildi”, deb ma'lum qilgan telekanalning yangi direktori Paata Saliya.

Uning ta'kidlashicha, telekanalning yetakchi jurnalistlari yangi telekanal tashkil etish bilan mashg‘ulliklarini ochiqchasiga aytib, telekompaniyada ishlashni davom ettirishlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Saliyaning aytishicha, Kvesitadze ijtimoiy tarmoqlarda “Rustavi 2”ning sobiq bosh direktori Nika Gvaramiya bilan yangi telekanal tashkil etish ustida ishlayotgani va yaqin orada unga telekanalning barcha yetakchi jurnalistlari ishlagani o‘tishlarini ma'lum qilgan.  

“Rustavi 2” telekompaniyasi 7 iyulda boshlovchisi Gabuniya o‘zining “Posskriptum” deb nomlangan ko‘rsatuvida Putin nomiga haqoratli so‘zlar aytgandan so‘ng mojaro markazida qolgandi.

Boshlovchining ushbu qilmishini Gruziya rasmiylari, jumladan prezident Salome Zurabishvili va bosh vazir Mamuka Baxtadze qoralab, uni ig‘vo deb atashgan. Kremlda ham gruziyalik boshlovchining so‘zlari qoralanib, davlat dumasida Gruziyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritish taklif qilingan. Biroq Putinning o‘zi Gruziyaga qarshi choralarga qarshi chiqqan.

8 iyulda “Rustavi 2”ning komissiyasi Gabuniyani 2 oyga efirdan chetlatgan. Keyinroq telekanalning o‘shandagi bosh direktori Gvaramiya boshlovchi keyinroq yana kanalda ishini davom ettirishini ma'lum qilgan.

Biroq 18 iyulda telekompaniya egasi almashib, u tadbirkor Kibar Xalvashi nazoratiga o‘tgan. Shundan keyin Gvaramiya bosh direktor lavozimidan bo‘shatilgan. 26 iyulda Gvaramiya yangi telekanal ochishini e'lon qilgan. Endilikda Gruziya bosh prokuraturasi uni moliyaviy firibgarliklarda ayblamoqda. 

Mavzuga oid