Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha vazirlik va idoralarning ishi qoniqarsiz deb topildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Ma'lumot berilishicha:
a) O‘zbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi imtiyoz va preferensiyalar, shu jumladan, quyidagilar:
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e'tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun ular foydalanishga topshirilgan paytdan e'tiboran o‘n yil muddatga mol-mulk solig‘ini hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan;
ishlab turgan energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e'tiboran uch yil muddatga yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilgan;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 noyabrdagi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3379-son qarori bilan o‘rnatilgan tartibga muvofiq 2018 yil 1 yanvardan boshlab:
davlat organlari va muassasalarining bino va inshootlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish, qurish va foydalanishga topshirishda ularda energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilganligi yuzasidan shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi tekshiriladi;
yakka tartibdagi uy-joy qurilishidan tashqari, barcha bino va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda, issiq suv ta'minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitkich qurilmalarini, shuningdek, energiya tejamkor lampalarni majburiy tartibda o‘rnatish ko‘zda tutiladi.
Energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha vazirlik va idoralarning, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha korxonalari va tashkilotlarining ishi qoniqarsiz deb topildi.
Ma'muriy binolarda, aholi punktlarida va ishlab chiqarish obektlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishi yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining birinchi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlari shaxsan javobgar ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mavzuga oid
09:30 / 07.11.2024
Namanganda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
09:29 / 06.11.2024
O‘zbekistonda 2030 yilgacha “yashil” energiya manbalari 40 foizga yetkaziladi
10:10 / 29.10.2024
Malayziya O‘zbekiston davlat idoralariga quyosh panellarini o‘rnatishni boshlaydi
10:10 / 25.10.2024