Jamiyat | 18:20 / 23.08.2019
8713
2 daqiqa o‘qiladi

IIV paynet shoxobchasiga aylangan jamoatchilik nazorat maskanlari haqidagi savolga javob qaytardi

Bugun, 23 avgust kuni Milliy matbuot markazida Ichki ishlar vazirligi tomonidan «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar» mavzuida OAV vakillari uchun anjuman o‘tkazildi.

Tadbir davomida «O‘zbekistondagi MFYlarda tashkil etilgan jamoatchilik nazorati maskanlarining aksariyati paynet shoxobchalariga aylanib qolgani, bunday manzara qay darajada IIV diqqat markazida»ligi haqidagi savolga Ichki ishlar vazirligining Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Davron Azizov javob berdi.

«Haqiqatdan savol juda o‘rinli. Jamoatchilik nazorat maskanlari Vazirlar Mahkamasining 497-sonli qarori asosida jinoyatchilik va huqubuzarliklarning oldini olish maqsadida har bitta mahallada tashkillashtirilgan. Ammo uning boshqaruv tizimi yo‘q edi. Shuning natijasida siz ta'kidlagandek, ko‘pi paynet yoki do‘konga aylanib ketgandi. Profilaktika inspektori esa ishi ko‘pligidan u yerda muntazam bo‘lishga ulgurmasdi va nazoratsiz qolardi. Shu yildan boshlab profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash yordamchisi lavozimi joriy qilindi. Ular zimmasiga funksional vazifa sifatida jamoat nazorati maskani faoliyatini kun-u tun nazorat qilish yuklatildi.

Avval jamotchilik nazorati maskanlari 8 ming 970ta edi. Aprel, may va iyun oylarida taftish ishlarini o‘tkazdik. Paynet va turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga aylanganlari tugatildi. Ayni paytda 7 ming 900ta talabga javob beradigani faoliyat yurityapti. Yil yakuniga qadar Respublikada mavjud 9 ming 83 mahallaning barchasida jamoatchilik nazorati maskanlari to‘liq yo‘lga qo‘yilib, faoliyati muntazam kuzatuvda bo‘ladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid