Yaqinda qator saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimining murojaatchi tadbirkor bilan mojarosi aks etgan video tarqaldi. Lavhada xodim murojaat qilgan tadbirkorga nisbatan rus tilida haqoratli so‘zlar ishlatadi. Eng qizig‘i, oradan bir necha soat o‘tib, ya'ni zudlik bilan bu xodim o‘z lavozimidan ozod etilgani (haydalgani) to‘g‘risidagi xabarlar e'lon qilindi. Bu ma'lumotning o‘ziga xos jihati shunda ediki, O‘zbekiston tarixida o‘z tiliga erk bergan mas'ul xodimning bu qadar tez jazolanishi kuzatilmagandi.
Lavhada faqat o‘sha xodim ko‘rinadi, u bilan bahslashayotgan, haqoratlarga nishon bo‘lgan shaxs kadr ortida qolgan. Faqat uning “men ham tadbirkorman, oila boshlig‘iman” degan e'tirozlarigina eshitiladi.
Biz bugun tahririyatimizga kadr ortidagi o‘sha qahramon – yosh tadbirkor Jamshid Ahmedovni taklif qildik.
– Jamshid, sizni o‘zi Vazirlar Mahkamasi binosiga kim yoki nima yetaklab borgandi?
– Buning tarixi ko‘pchilik o‘ylaganidan ko‘ra murakkabroq. Men besh yildan buyon tadbirkorlik qilaman. Toshkent viloyati Toshkent tumanida kamida 40, ko‘pi bilan 60 nafargacha yoshlarni ish bilan ta'minlovchi, tikuvchilik sexi, avtoservis kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oluvchi “Yoshlar guzari” loyiham tasdiqlangan. Yoshlarga mo‘ljallangan maxsus jamg‘arma orqali dastlabki mablag‘ni olishim kerak edi. Loyiha ancha yirik – 3,4 mlrd so‘m sarflash rejalashtirilgan. Ammo resurs tugaganligi uchun mablag‘ ajratilishi to‘xtab qolgan, tabiiyki mening ham ishim yurishmay turgandi.
Shundan so‘ng tumandagi mutasaddilarga murojaat qildim, masala hal etilmaganidan keyin asta-sekin respublika miqyosiga chiqishga majbur bo‘ldim. Hatto prezident adminstratsiyasiga ham murojaat qildim. U yerda arizamni elektron tarzda Vazirlar Mahkamasiga yuborishlarini aytishdi. Men xatim bo‘yicha ko‘rilgan chorani bilish uchun belgilangan raqamga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildim, lekin hech kim go‘shakni ko‘tarmadi. Shundan so‘ng u yerga shaxsan o‘zim bordim.
– Endi o‘sha mojaroli vaziyat qanday tug‘ilganini batafsil tushuntirib bersangiz? U xodim bilan oldindan tanish bo‘lganmisiz, o‘rtada qandaydir xusumat bo‘lmaganmi? Odatda bunday videolar tarqatilganda ko‘pchilik g‘arazli maqsadlar bor-yo‘qligi haqida o‘ylaydi.

















