Jamiyat | 22:20 / 03.09.2019
104036
4 daqiqa o‘qiladi

17 yoshli abituriyent 18ta OTMda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi Jahongir Maxamatkarimov uchun bu yil esda qolarli va kutilmagan xabarlarga boy bo‘ldi. Endigina 17 yoshga to‘lgan Jahongir xorij va O‘zbekistondagi 18ta oliy o‘quv yurtida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. U tanlagan yo‘nalishlarning aksariyati iqtisodiyot sohasi bilan bog‘liq.

Video: Facebook

Video: Mover (tas-ix)

«Tumanimizdagi 279-maktabda o‘qib yurgan paytlarimda har doim tengdoshlarimdan nimadir bilan ajralib turishga intilardim. Bir kuni «Darakchi» gazetasida Jasurbek ismli hamyurtimiz haqida maqola o‘qib qoldim. U birdaniga 12ta universitetga o‘qishga kirgani meni hayron qoldirdi va unga havas qildim. O‘sha payt «Mening kuchim nechta universitetga kirishga yetarkin?», deya o‘zimga savol berganman. Shundan so‘ng astoydil tahsil olishga kirishdim va maktabni bitirish arafasida turli OTMlarga hujjat topshirib ko‘rdim», deydi Jahongir.

Bilim dargohini tamomlashiga bir necha oy qolganiga qaramay, bo‘lajak abituriyent bir qator xorij oliy ta’lim maskanlariga hujjat topshirib, imtihon jarayonlarida bevosita, ayrimlarida esa onlayn qatnashdi. Dastlab, Rossiya Federatsiyasidagi Oliy iqtisodiyot maktabidagi olimpiada ko‘rinishida o‘tgan sinovda ishtirok etdi va unda davlat granti asosida o‘qish imkoniyati tug‘ildi.

Jahongirning aytishicha, u IELTS sertifikatini olganidan so‘ng Toshkentda joylashgan bir qator xalqaro oliygoh filiallari - Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Xalqaro Vestminster va Inha universitetlariga hujjat topshirgan hamda barchasiga talabalikka qabul qilingan.

Jahongir Maxamatkarimov

Rossiyada joylashgan Tyumen industirial universiteti vakillari Toshkentga kelishganida Jahongir ular bilan suhbatlashib, sinovda ishtirok etgan. Navbatdagi hayajonli jarayonda ham omadi kulib, 262 ball bilan 60ta fakultetdan birida davlat granti asosida o‘qish taklifiga erishgan. Uning eng past ball ko‘rsatkichi Yodju texnika universiteti imtihonlarida qayd etilgan - 100 ballik sistema bo‘yicha 97,8 ball.

IELTS tizimida 6.0 natija ko‘rsatgan Jahongir keyingi ta’lim jarayonini I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filialida davom ettirmoqchi.

«8-sinfligimdan buyon mazkur oliygohda o‘qishni orzu qilardim. Bu niyatim amalga oshganidan xursandman», - deydi Jahongir.

Qayd etish joizki, 17 yoshli Jahongir Maxamatkarimov quyidagi OTMlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi:

1. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (davlat granti asosida)

2. Toshkent Moliya instituti (davlat granti asosida)

3. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (davlat granti asosida)

4. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (shartnoma asosida)

5. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (shartnoma asosida)

6. Toshkent shahridagi Inha universiteti filiali (shartnoma asosida)

7. Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti (shartnoma asosida)

8. Toshkent shahridagi Vebster universiteti filiali (shartnoma asosida)

9. Toshkent shahridagi I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali (shartnoma asosida)

10. Toshkent shahridagi Amity universiteti filiali (shartnoma asosida)

11. Andijon shahridagi Sharda universiteti filiali (shartnoma asosida)

12. Moskvadagi Oliy iqtisodiyot maktabi (davlat granti asosida)

13. Rossiyadagi Tyumen industrial universiteti (davlat granti asosida)

14. Malayziyadagi Inti universiteti (shartnoma asosida)

15. Polshadagi Vincent Pol universiteti (shartnoma asosida)

16. Sidneydagi Xalqaro menejment maktabi (davlat granti asosida)

17. Dubaydagi RIT instituti (shartnoma asosida)

18. Belarusdagi Belarus-Rossiya universiteti (davlat granti asosida)

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid