Jahon | 19:12 / 03.09.2019
49955
2 daqiqa o‘qiladi

Eron hukumati 28 yoshli erkak va 9 yoshli qizning nikohini bekor qilishni talab qildi

Foto : @BabakTaghvaee

Eron hukumati Boyir-Ahmad viloyatidagi Baxmay okrugi shariat sudidan 28 yoshli erkak va 9 yoshli qizchaning nikohini bekor qilishini talab qildi. Bu haqda jurnalist Bobok Taqvoiy o‘z tvitter-akkauntida xabar qilgan.

Ta'kidlanishicha, ushbu qaror nikoh to‘yidan lavhalar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingandan keyin jamoatchilik bosimi ostida qabul qilingan. Bundan tashqari, mahalliy nashrlar erkak 28 da emas, 22 yoshda ekanligini yozishmoqda. Biroq jurnalistlar qizcha 9 yoshda ekanligini tasdiqlashgan.

Taqvoiy, shuningdek, erkakning shaxsini ochiqlagan. Erkakning ismi Milad Chashaniy bo‘lib, u Islom inqilobi soqchilari korpusiga kiruvchi Basij qo‘shinlari jangchisi hisoblanadi. Chashaniy uylanishga okrug shariat sudida ruxsat olgan. 

Avvalroq eronlik ayol jurnalist Masix Alinajod tvitterda qizning to‘yi videosini e'lon qilib, bu holat uni yig‘lashga majbur qilganini, qizcha 13 yoshdan kichikroqligini aytgan. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari jamoatchilik tashkilotlarini ushbu voqeaga e'tibor qaratishga chaqirishgan. 

Eronda qonunga ko‘ra, qizlarga 13 yoshdan, erkaklarga 15 yoshdan nikoh qurishga ruxsat berilgan. Islom ulamolari erta nikohni ma'qullashadi, chunki, ularning fikricha, bu nikohsiz aloqalarning oldini oladi. Buning uchun esa Eronda qat'iy jazolar ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid