Jahon | 10:20 / 03.09.2019
12603
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy AQShning Polsha bilan imzolagan deklaratsiyasi Xitoyga qarshi qaratilganini tan oldi

Oq uy Varshavada AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens va Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy tomonidan imzolangan “5-avloddagi tarmoqlar yaratish xavfsizligi” haqidagi deklaratsiya Xitoyga qarshi qaratilganini tan oldi.

“Biz birgalikda Xitoy kommunistik partiyasining Huawei kabi kompaniyalar yordamida Xitoy harbiylari va maxsus xizmatlari uchun razvedka ma'lumotini yig‘ishga urinishlarining oldini olishimiz lozim”, deb aytgan Oq uy apparati rahbari Mark Short.

Ta'kidlanishicha, imzolangan hujjatda ikki davlat “5G sohasida hamkorlikni mustahkamlashga intilishni” qayd qilgan. “Yangi avlod tarmoqlarini nosozliklar, manipulyatsiyalardan himoyalash hamda Polsha va AQSh fuqarolari erkinliklari va daxlsizliklarini ta'minlash katta ahamiyatga ega”, deyilgan deklaratsiyada. 

AQSh vakillari avvalgi bayonotlarida Polshada Xitoy qurilmalari yordamida 5G tarmoqlari paydo bo‘lishi maqsadga muvofiqmasligini aytishgan. Yanvarda Polsha maxsus xizmatlari Huawei’ning Yevropada 5G tarmoqlari yaratish bilan shug‘ullanuvchi xodimini Xitoy foydasiga josuslik qilish gumoni bilan ushlagan. Polsha 5G tarmoqlarini joriy qilishda Xitoy kompaniyasi qurilmalarini qo‘llashdan voz kechmoqchi, biroq bu masala bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Mavzuga oid