Buxoro ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatida nimalar bo‘lmoqda?
Kun.uz saytiga Buxoro shahridagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatining bir guruh o‘qituvchi va xodimlari tomonidan murojaat yo‘llandi.
Unda ta'lim maskanida nosog‘lom muhit yuzaga kelgani, internat rahbari tomonidan turli qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilayotgani, jamoaga tazyiq o‘tkazayotgani va qo‘pol muomalada bo‘layotgani bayon etilgan.
Shikoyat xatiga maktab-internati direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, bosh hisobchi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi va yana bir necha nafar xodimlar imzo chekishgan.
Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida mazkur ta'lim maskanida bo‘ldik va pedagoglar bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.
«Birinchi navbatda e'tirozimiz maktab-internatiga rahbarlik qilib kelayotgan Nodira Rajabova yuzasidan. Uning tazyiqlari va qo‘pol muomalasidan to‘ydik. Uning xonasiga ham biror masalada kirolmaymiz. Go‘yoki biz uchun mumkin emasmish. Eshigining yonida haftalab tursak ham, qabul qilmaydi. Kayfiyati yaxshi bo‘lishini kutishga majburmiz. Dars soatlari ajratishda ham nohaqlikka yo‘l qo‘yilmoqda», — deydi matematika-informatika o‘qituvchisi Aziza G‘aniyeva.
Shundan so‘ng kasbiy ta'lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari Olima Qurbonova o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Yoshim ancha ulug‘ligi uchun direktorimizning nomaqbul munosabatidan ranjiyman. Bizdan keksalarni ham umuman hurmat qilmaydi. Nima uchunligini tushunmaymiz. Biror fikrimizni aytolmaymiz. Rahbar jamoa bilan bunday ohangda suhbatlashishi mumkinmi?», — deydi direktor o‘rinbosari.
Biz bilan suhbatda o‘z navbatida ta'lim muassasasi bosh hisobchisi Ma'rifat Nusratova bir qator noqonuniy pul o‘tkazmalariga rahbar tomonidan majburlanganini ta'kidlasa, direktor kotibasi Lola Subhonova rahbar tomonidan doimiy tazyiqdaligi, oilasiga aralashish tahdidi bilan uni qo‘rqitib kelishini aytib berdi. Shuningdek, yana bir necha nafar pedagog Nodira Rajabovadan jabrlanganini bayon etishdi. Asosiy e'tiroz turli nohaqliklar, qo‘pol muomala va haqoratlar tufayli.
Ma'lum bo‘lishicha, ushbu ta'lim maskaniga 2017 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Nodira Rajabova joriy yil may oyida lavozimidan ozod etilgan. Buxoro viloyat madaniyat boshqarmasi rahbari Yo‘ldosh Genjayev tomonidan yangi tayinlangan direktor tanishtirilgan. Ammo oradan bir kun o‘tib «ba'zi sabablar»ga ko‘ra, yangi rahbar ishlashdan bosh tortgan va Nodira Rajabova yana direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida ishini davom ettirgan.
Bildirilgan e'tirozlar asosida ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internati rahbari Nodira Rajabova bilan suhbtlashdik. Suhbat jarayonini yozib olishga qattiq qarshilik ko‘rsatganidan keyin mutasaddi bilan ovozini yozib olmaslikka kelishgan holda suhbatni davom ettirdik.
Dastlab Nodira Rajabova barcha shikoyatlar unga nisbatan tuhmat ekanligini bildirib, shikoyatchilarning e'tirozlarini rad etdi. Ammo bizda uning o‘z xodimlariga qo‘pol muomalada bo‘lishi, ularni uyatli so‘zlar bilan haqoratlagani yozib olingan audioyozuvlar mavjud edi. Ularni Nodira Rajabovaga eshittirdik va jamoaga nega bunday muomalada bo‘lishi yuzasidan izoh so‘radik.
«Men ham insonman, asabiylashgan bo‘lishim mumkin», – deydi u.
To‘g‘ri, hamma ham inson, asabiylashishi mumkin. Ammo pedagog-rahbarning o‘z xodimlarini bunday uyatli so‘zlari bilan haqoratlashini hech bir narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Ushbu ta'lim maskanida o‘rganish olib borar ekanmiz, turli e'tiroz-u fikrlarni tinglarkanmiz, muassasada nosog‘lom muhit chuqur ildiz otganini his qildik.
Mazkur holat yuzasidan izoh olish uchun Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Genjayev bilan uchrashish maqsadida boshqarmaga yo‘l oldik.
Ajablanarlisi, boshqarma eshigi oldida ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatining boshqa bir guruh o‘qituvchilari kutib turishardi. To‘g‘risi, ularning bunday qisqa vaqtda, qolaversa, ta'til vaqtda yetib kelishgani hayratlanarli edi.
Ma'lum bo‘lishicha, bu o‘qituvchilar bizga shikoyat yo‘llagan murojaatchilarga qarshi guruh ekan. Ular direktor ustidan shikoyat qilganlarning o‘zlarini ayblab, direktorni oqlab, turli fikrlarni bildirib o‘tishdi.
Kim haq, kim nohaqligi o‘z yo‘liga, ammo shunday ta'lim maskanida pedagog jamoa orasida guruhbozlik avj olganiga, nosog‘lom muhit chuqur ildiz otganiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Nega vaziyat shu holatga kelgunga qadar mutasaddilar e'tiboridan chetda qolgan?
Ushbu savol bilan Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Genjayevga murojaat qildik.
«Bu borada bizga ham murojaatlar bo‘lgandi. Yangi direktor ham qo‘ygandik. Ammo yangi rahbar u yerda ishlashni istamaganidan keyin yana Rajabova vaqtincha rahbarlik qilib kelayotgandi. To‘g‘risi, holat bunchalik chuqurlashib ketgan, deb o‘ylamagandik. Albatta, bunday nosog‘lom muhit yuzaga kelishiga birinchi o‘rinda rahbar aybdor. Biz tegishli choralarni ko‘ramiz», — dedi boshqarma boshlig‘i.
Ta'kidlanganidek, uchrashuvning ertasi kuni Yo‘ldosh Genjayev maktab-internatida yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni jamoa bilan muhokama qilgani haqida xabar topdik.
Ammo oradan biroz muddat o‘tib maktab-internatining bir guruh jamoasi bizga takroriy murojaat qilib, Genjayev tomonidan berilgan va'dalar bajarilmagani, vaziyat bundan-da og‘irlashgani, shu masala ortidan maktab-internati Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi (tahririyatga yo‘llangan shikoyatda uning ham imzosi bor)ning sirli ravishda ishdan olinishi ortidan shikoyat qilganlarga «hujum» boshlanganini bildirishdi.
Ko‘rinib turibdiki, ta'lim muassasasida vaziyat o‘nglanishi o‘rniga battar chigallashgan. Mutasaddilar tomonidan esa jamoa o‘rtasidagi muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yetarlicha choralar ko‘rmagan.
Ishni bu holatda davom ettirib bo‘lmaydi, albatta. Axir, pedagogik jamoa yosh avlodga ta'lim bersinmi yoki guruhlarga bo‘linib, bir-birini ayblash bilan vaqt o‘tkazsinmi? Bunday holatda asosiy ish bir chetda qolib ketmaydimi?
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
07:40 / 14.01.2025
Buxoro viloyatida yer silkinishi qayd etildi
12:05 / 06.01.2025
Buxoroda 34 milliardlik kriptoaktivlarni aylantirgan o‘smirga ochilgan jinoyat ishi tugatildi
14:55 / 28.12.2024
Buxoroda Hayrabot kanalida cho‘kayotgan 16 yoshli qiz qutqarib qolindi
17:03 / 15.12.2024