Jahon | 22:40 / 05.09.2019
49911
2 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev bir oy ichida ilk bor omma oldida ko‘rindi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev hibsga olingandan keyin ilk bor omma oldida ko‘rindi. 

Atamboyev 8 avgustda qo‘lga olingandi. U bir qator og‘ir jinoyatlarda ayblangan. Ayni vaqtda u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Bishkekdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda.

4 sentyabrda qo‘mita binosi yonida Bishkek shahar sudi kollegiyasining Atamboyev advokatlarining shikoyati bo‘yicha sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. 

Sud qarorini kutish vaqtida ko‘chada Atamboyeving yaqinlari va tarafdorlari, jumladan uning rafiqasi Raisa Atamboyeva, o‘g‘li Qodir hamda Jogorku Kenesh deputatlari yig‘ilishgan. Atamboyev barcha yig‘ilganlarga qo‘lini silkitib qo‘ygan. 

Ta'kidlanishicha, Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasining deputatlari Asel Koduranova va Irina Karamushkina Atamboyev bilan uchrashishgan. 

Koduranovaning aytishicha, ular Atamboyevning hibsda ushlab turilishi vaqtida u bilan ilk bor uchrashishgan. Uchrashuv 40 daqiqacha davom etgan. Sobiq prezidentda hech qanday shikoyatlar bo‘lmagan.

“Albatta u yer kurort emas. Biroq u hech narsadan shikoyat qilmadi. Shuningdek, bizga hech qanday ko‘rsatma bermagan”, deb aytgan deputat ayol. 

Keyinroq  sud Atamboyevning qo‘lga olinishini qonuniy deb tan olgan.

Mavzuga oid