Jamiyat | 20:37 / 06.09.2019
78069
9 daqiqa o‘qiladi

«Rishton-So‘x» yo‘li nega ochiliboq yopildi? Erta suyungan so‘xliklar dardi

30 avgust kuni ommaviy axborot vositalarida Farg‘ona viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh barcha nazorat-tekshiruvlari postlari ochilgani haqida xabarlar tarqaldi. Jumladan, uzoq kutilgan Rishton-So‘x posti ham shu kuni ochildi.

Ikki davlat rasmiylari, xalq vakillari chegara posti, Rishton va So‘x tumanini bog‘lab turuvchi Qirg‘iziston orqali o‘tgan yo‘lning tantanali ochilish marosimiga yig‘ilib keng nishonlashdi.  

So‘xliklar uchun bu yangilik qay darajada ahamiyatli ekanligini so‘z bilan ifodalash qiyin. Chunki,  So‘x tumani hududida yuz foiz Qirg‘iziston yeri bilan o‘ralgan anklav hisoblanadi.

Chegara postlarning tantanali ochilishi

O‘sha kuni Quvasoy, Vodil, Beshariq va Rishton chegara postlariga xalqaro post maqomi berilgani e'lon qilingandi. Ayniqsa, bu yangilikdan Rishton va So‘x aholisi juda xursand bo‘lgani bejiz emas. Chunki, 10 yil davomida 250 km yo‘l bosib So‘xga borishiga to‘g‘ri kelar edi.

Ushbu yo‘l ochilishi bilan esa 250 km o‘rniga 30 km yo‘l yurish kifoya qilar va bu savdo-sotiq uchun qulaylik yaratadi. So‘xliklar uchun ham bu voqea katta bayram darajasidagi yangilik bo‘ldi.

Ikki chegara postida O‘zbekiston va Qirg‘iziston bayroqlari hilpiradi. Rasmiy ochilish marosimini nishonlash uchun chegara postiga Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Qirg‘izistonning Botken viloyati hokimi Akram Madumarov viloyat faollari bilan yetib kelishdi. Har ikki mutasaddi tantanali marosimda so‘z olib, ikki xalq vakillariga o‘z tabriklarini aytishdi.

Marosim davomida qo‘shni yurt vakillari, nuroniylar postlarning ochilishi ahamiyatli hodisa ekani haqida so‘zlashdi.

Bir so‘z bilan aytganda, hammasi risoladigidek boshlanib, anklav aholisi Rishton-So‘x posti ochilganidan benihoyat xursand bo‘ldi.

Rishton–So‘x posti tantanali ochilgan bo‘lsada ishlamayapti

So‘x va Qirg‘izistonni bog‘lab turuvchi Tul postida so‘xliklar o‘sha kuni sayil darajasida bayram shodiyonalari tashkil qilishdi. Tulga 5 mingga yaqin kishi kelib, So‘x tumani hokimi Farrux O‘sarov hamda Qirg‘iziston tomonidan Oq turpoq ayili boshchisi Alchinbay To‘raliyev barchani tabriklagach, ochilish marosimi o‘yin-kulgi, qutlash so‘zlari bilan uzoq vaqt davom etgan.

Afsuski, so‘xliklarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Hozirda chegara posti ishlagani yo‘q. Aholi hayron. Ochilish marosimi, tantanalardan ma'no nima edi?

«Biz so‘xliklar erta suyunib qo‘yibmiz, chog‘i? Muammo nimadaligini so‘rab borsak, O‘zbekiston chegarachilari «Biz yopmadik, Qirg‘iziston tomoni o‘tkazmayapti», deyishmoqda.  Endi qayerga borib arz qilishimiz va kimdan yordam so‘rashimiz kerak? Rahbarlarimiz, hatto viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev o‘zi kelib Botken viloyati gubernatori bilan Rishton chegara postida tadbirda qatnashib yul ochilish marosimini o‘tkazgan edi. Ammo yo‘l hali ham ochilmagan», deydi so‘xlik To‘xtasin Azizov.

So‘xlik boshqa fuqarolar ham umidsizlikka tushishgan. Ular ko‘p yillardan beri sabrsizlik bilan kutilgan, «ochilib-ochilmagan» chegara posti bo‘yicha dardini kimga aytishni bilmay dog‘da qolishgan.

Muammo nimada?

Rishton-So‘x yo‘li ochilmayotgani holati bo‘yicha avvaliga aholi o‘rtasida «Chegara kompyuter tizimi ishlamayotgani» haqida gap-so‘zlar bolaladi. Oradan biroz vaqt o‘tib, turli xorijiy nashrlar Qirg‘iziston mutasaddilarining bu boradagi fikrlarini tarqatdi.

Bu xabarlarda yozilishicha, muammo bo‘yicha Qirg‘iziston bosh vazir o‘rinbosari Jyenish Razakov o‘z intervyusida shunday degan: «Mazkur hududda bir qator yechimini kutib turgan muammoli holatlar bor. Avvalo, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan bog‘liq masalalarni hal etish lozim. Ittifoqqa a'zo bo‘lgan Qirg‘iziston zimmasiga veterinar va fitosanitar xavfsizlik majburiyatlari yuklatilgan. Mazkur masalalar o‘z yechimini topmagunicha, yo‘l ochilmaydi».

Avgust oyi boshlarida Lenbur postida ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlandi. Lekin Lenburning yonidagi qirg‘izlarning Apkan postida jim-jitlik hukm surardi. Avgustning 17 kuni ikki davlat chegara qo‘mondonlari tashrif buyurib, olib borilayotgan ishlar bilan tanishib ketishdi.

Chegara rahbarlari xulosasiga ko‘ra, Apkan postida hech qanday tashkiliy ishlar olib borilmagani ma'lum bӯldi. Rahbarlar Lenbur-Apkan postini emas, Tul chegara postini tayyorlashni reja qilib, ochilish vaqtini keyinga qoldirishdi. Tul qishlog‘ida tayyorgarlik, obodonchilik ishlari olib borildi. Yӯl ochilishi avvaliga 24 avgust kuni bo‘lishi kutilgandi. So‘ng marosimni 25 avgustga, oxiri 30 avgustga kӯchirishdi.

Ochilish marosimiga 5 ming nafar sӯxlik tashrif buyurdi. Tadbir juda chiroyli o‘tdi, lekin chegara posti hali ham yopiq».

Qirg‘iziston chegarachilari Rishton-So‘x yo‘li ochilishidan manfaatdor emasmi?

Shu o‘rinda Kun.uz ijodiy guruhining o‘tgan yili So‘x tumaniga safari mobaynida «Vodil» chegara postidan o‘tib, Qirg‘iziston chegarachilari qo‘riqlaydigan «Qadamjoy» chegara postida korrupsiya holatlariga duch kelgani haqida eslatib o‘tmoqchimiz.

Qo‘shni davlat chegarachilari har bir yo‘lovchidan 5 ming so‘mdan, Farg‘ona-So‘x yo‘nalishida qatnovchi taksichilardan esa 10 ming so‘mdan «yig‘im» olishadi. Bojxonachilar esa yuk mashinalaridan olib ketilayotgan yuk miqdoriga qarab 2-3 million so‘mgacha «haq» talab qilishadi.

«Vodil» posti orqali So‘xga kuniga bir yarim ming kishi va 400ga yaqin yuk mashinalari o‘tadi. Endi qirg‘iz chegarachi va bojxonachilarining bir kunlik tushumini hisoblayvering.

Sohaga yaqin Kun.uz manbasining so‘zlariga ko‘ra, Rishton-So‘x yo‘li ochilishidan ikki davlat hukumati va xalqi manfaatdor ekani aniq, biroq Qirg‘iziston ichidagi ayrim kuchlar So‘x yo‘li ochilishiga qarshilik qilmoqda.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari o‘rtasida tuzilgan bitimning ijro etilmasligi ortidan ikki xalq o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Muammoni hal etish uchun yana qanday diplomatik jarayonlar zarur?

«O‘zbek va qirg‘iz qushning ikki qanotiday. Agar bir qanoti bo‘lmasa, qush ucha olmaydi. Tilimiz, dinimiz, ichgan suvimiz bir. Ko‘chaga chiqsak, bir tog‘ni, bir dalani ko‘ramiz. Qiz olib, qiz berib kelgan quda ellardanmiz. Ikki elni birlashtirayotgan ikki elning prezidentlari Sooranbay Jeenbekov va Shavkat Mirziyoyevga sharaflar bo‘lsin. Bundan keyin do‘stligimiz yanada mustahkam bo‘lsin. Farg‘ona viloyati biz uchun o‘zgachadir. Bu viloyatning yutuqlaridan o‘z yutug‘imizdek xursandmiz», - degan edi Botken viloyati rahbari Akram Madumarov Rishton-So‘x nazorat-tekshiruv posti ochilishi marosimida.

Ikki xalq vakillari esa Rishton va So‘xni bog‘lab turuvchi Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi yo‘l tez kunlarda ochilishini sabrsizlik bilan kutib turibdi.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid