O‘zbekiston | 22:23 / 07.09.2019
36122
2 daqiqa o‘qiladi

Senator: «Odamlar valuta muomalasida nima noqonuniyligini bilmaydi. Bundan nazorat organlari foydalanib qolmoqda»

7 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan senator, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmurotovning ta'kidlashicha, odamlar valuta muomalasida nima qonuniy yoki noqonuniyligini bilmaydi bundan nazorat organlari o‘z manfaati uchun foydalanib qolmoqda.

Foto: Botir Matmurotov

“Odamlar chet el valutasi bilan turli operatsiyalarni amalga oshirayotganida qilayotgan ishining qonuniy yoki noqonuniyligini bilmaydi. Bu borada moliyaviy savodsizlik bor. Buning natijasida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan turli ta'magarchiliklarning amalga oshirilishi kuzatilmoqda. Siz qilgan mana bu ish noqonuniy deb tursa ham odamlar farqiga bormaydi. Shuning uchun bank tizimi, sud, prokuratura bu bo‘yicha batafsil axborotni aholiga tushunarli tarzda yetkazib berish bilan shug‘ullanishi kerak. Valuta operatsiyalaridagi qonuniy va noqonuniy harakatlarni aniq punktlar bo‘yicha belgilab chiqish kerak”, ─ deydi Matmurotov.

“Valuta operatsiyalaridagi noqonuniylikni aniqlash qonunda boshqacha, amalda boshqacha bo‘lib qolmoqda. Buning aniq xarakteristikasini, ro‘yxatini ishlab chiqish, barcha nazorat organlariga yetkazish kerak. Ular qonunda belgilangan qat'iy ro‘yxat bilan ish ko‘rishi, o‘zining ichki hujjatlarini ham shunga moslashtirishi lozim”, ─ deydi Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Muhammad Jumageldiyev.

Foto: Muhammad Jumageldiyev

Mavzuga oid