O‘zbekiston | 20:17 / 10.09.2019
5423
3 daqiqa o‘qiladi

Atom energetikasi sohasidagi vakolatli organlar belgilandi

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risidagi qonun e'lon qilindi. Mazkur qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 2 iyulda qabul qilingan bo‘lib, 2019 yil 23 avgustda Senat tomonidan ma'qullangan.

Hujjatda belgilanishicha, atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: 

fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi;

xavfsizlikning ta'minlanishi;

axborotning ochiqligi hamda yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi. 

Qonunda ko‘rsatilishicha, atom energiyasidan foydalanish obektlari davlat mulkida yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulkida bo‘lishi mumkin. Davlat mulkida yoki yuridik shaxslar mulkida bo‘lishi mumkin bo‘lgan atom energiyasidan foydalanish obektlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Mazkur qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining yadroviy materiallarga, shuningdek ishlatib bo‘lingan yadroviy yoqilg‘iga bo‘lgan mulk huquqini chet davlatga yoki chet davlatning yuridik shaxsiga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda tuziladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi atom energetikasi sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, ilmiy, konstruktorlik va loyihalashtirish tashkilotlari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari, muassasalari va tashkilotlaridir.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, Geologiya va mineral resurslar, Davlat bojxona qo‘mitalari, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati markazi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari etib belgilandi.

Mavzuga oid