O‘zbekiston | 08:01 / 10.09.2019
60884
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Quyidagilar Agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazildi:

Prezident maktablari;

tasdiqlangan shtat jadvalini va ularni moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Xalq ta'limi vazirligining hududiy organlari huzuridagi Abdulla Oripov, Hamid Olimjon va Zulfiya, Muhammad Yusuf, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy, Halima Xudoyberdiyeva va Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktablari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati va Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish;

davlat ta'lim standartlariga muvofiq Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yagona shaklda muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga ilg‘or ta'lim shakllari, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarida vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik tuyg‘ularini, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmatni shakllantirish, ularning ma'naviy, axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishi darajasini yanada oshirish;

xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni jalb qilgan holda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar pedagogik kadrlarini tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ushbu muassasalardagi bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha ishlarni monitoring qilish va muvofiqlashtirish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Agentlik respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

Agentlikning o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun o‘rnatiladigan davlat ta'lim standartlari Agentlik tomonidan tasdiqlanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshidagi “O‘qituvchi” ilmiy-uslubiy nashriyot markazi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash va nashr etish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtiradi;

Markaz Agentlik buyurtmasi asosida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning, shu jumladan, elektron ko‘rinishda tayyorlanishi va nashr etilishini ta'minlaydi va ular keyinchalik Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.

Agentlik ish samaradorligining quyidagi eng muhim ko‘rsatkichlari belgilandi:

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quvchilarida, shu jumladan, vatanparvarlik, Vatanga beqiyos muhabbat va sodiqlik tuyg‘ularini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan chuqur hurmatni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta'lim-tarbiya jarayoni sifatini oshirish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining davlat va chet tillarini mukammal bilishi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga malakali va tajribali, chuqur bilimlarga ega, davlat va chet tillarini, zamonaviy pedagogik texnologiyalari va o‘qitishning innovatsion uslublarini biladigan pedagoglarni jalb qilish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olishni davom ettirishlari uchun, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim tizimining faoliyat yuritishi orqali kerakli sharoitlarni yaratish;

Prezident maktablari bitiruvchilarining kamida 20 foizi xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida oliy ta'lim muassasalari orasida dastlabki 1 000 ta pog‘onani egallagan yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga ega boshqa tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, yirik kompaniya va birlashmalarga ishga joylashishda ko‘maklashish;

o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy qilgan holda talab yuqori bo‘lgan ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar sonini ko‘paytirish;

barcha Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda milliy va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy san'at va boshqa ijodiy yo‘nalishlardagi asarlarga ega bo‘lgan zamonaviy kutubxonalarning ishlashi;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quv-uslubiy jarayonni avtomatlashtirishni ta'minlash va ularni yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quv jarayoniga ta'limning ilg‘or shakllarini, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish maqsadida xorijiy ta'lim tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni zamonaviy sport zal, inventar, uskuna va boshqa jihozlar bilan ta'minlash.

Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan maqsadli ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida bajarish va ularga erishish bo‘yicha choralar ko‘radi.

Agentlik huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Mavzuga oid