Jamiyat | 20:19 / 11.09.2019
7971
5 daqiqa o‘qiladi

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ vodiyda elektr energiyasi ta'minotida kuzatilgan qisqa muddatli uzilishlarga oydinlik kiritdi

Joriy yilning 10 sentabr kuni Kun.uz saytida yoritilgan «Kuzning birinchi yomg‘iri va shamol ortidan muammolar: Vodiyda yana tok o‘cha boshladi» sarlavhali maqolada aks etgan holat «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan batafsil o‘rganilib, munosabat bildirildi.

«Vodiy viloyatlarining ayrim tumanlarida yuz bergan elektr ta'minotidagi qisqa muddatli uzilishlarda joriy yilning 9 sentabr kuni kuzatilgan yomg‘ir aralash kuchli shamol sabab bo‘lgan.

Jumladan, Farg‘ona viloyatida yomg‘ir aralash shamol tezligi o‘rtacha 11 m/s.dan 15–17 m/s.gacha yetgan. Beshariq tumani Qiyat qishlog‘ining aholisining elektr ta'minoti uzilishi sabab 9 sentabr kuni soat 20:40lar oralig‘ida 10 kVli «Baxmal» uzatmasining 1- va 2-uzatmasi orasiga muhofaza zonasidan tashqarida bo‘lgan daraxtning qurigan shoxlari shamol ta'sirida qulab, tarmoq uzilishiga sabab bo‘lgan. Mazkur avariya holati tuman elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 10 sentabr kuni soat 08:40da bartaraf etilib, elektr ta'minoti tiklangan.

Andijon viloyatida joriy yil 9 sentyabrdan 10 sentyabrga o‘tar kechasi kuchli shamol bo‘lishi hamda yomg‘ir yog‘ishi oqibatida yuz bergan nosozlik sababli Oltinko‘l tumanining ba'zi hududlarida elektr-energiyasi ta'minoti vaqtinchalik uzilishiga olib keldi.

Soat 23:25larda 110/35/10 kV PS Maslahatdan chiquvchi 10 kV kuchlanishli Oltinko‘l fidri va 35/10 kV PS Oltinko‘ldan chiquvchi 10 kV kuchlanishli Navoiy fidri havo tarmoqlari yerlanish natijasida rele himoyasidan o‘chgan. Navbatchi xodimlar nosozlikni bartaraf etish maqsadida tarmoqni ko‘rikdan o‘tkazishganda ikki tarmoqning kesishgan qismidagi tayanchga chaqmoq tushishi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, tayanchlar nosoz holatga kelgan.

Yaroqsiz holatga kelgan yog‘och tayanchlar o‘rniga temir beton tayanchlar o‘rnatildi va 10 sentabr kuni soat 19:30da tarmoqga kuchlanish berildi va aholiga sifatli elektr energiyasi uzatish ta'minlandi.

Bundan tashqari, Oltinko‘l tumanining boshqa hududlarida ham nosozliklar tufayli uzilishlar bo‘lgan.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olib «Andijon HETK» AJ tasarrufidagi barcha elektr uzatish tarmoqlari navbatdan tashqari ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha chora-tadbir ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Namangan viloyatida ham kuchli shamol kuzatilgan. Ammo Namangan shahar Amir Temur ko‘chasida elektr ta'minotida uzilishlar bo‘lgani haqidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmadi. Shu kuni ushbu hududda elektr ta'minotida uzilishlar bo‘lmagan va iste'molchilardan murojaat kelib tushmagan.

Ta'kidlash joizki, aholiga yengillik yaratish maqsadida viloyatda shahar va tuman elektr ta'minoti korxonalarida navbatchilik tashkil etilgan bo‘lib, kelgan murojaatlar o‘z vaqtida bartaraf etib boriladi.

Vodiy viloyatlaridagi elektr-ta'minotidagi noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.

Ma'lumki, har qanday ochiq elektr tarmog‘ining ham, kabel tarmog‘ining ham muhofaza zonalari bo‘ladi. Aholidan ushbu hududlarga, ya'ni elektr tarmoqlar yaqiniga baland o‘sadigan daraxtlar ekmaslikni so‘rab qolamiz. Chunki, bitta daraxt elektr simiga tegib, qisqa tutashuv sodir etsa, butun boshli mahalla aholisini chiroqsiz qoldirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda elektr energiyasi ta'minotida bilan bog‘liq holatlar yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari»ning 71-233-01-28, 78-150-75-64 raqamlariga yoki Telegram’dagi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ bilan muloqot» kanali orqali ham o‘z murojaatlaringizni yo‘llashingizni so‘raymiz», deyiladi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati xabarida.

Kun.uz tahririyati «Hududiy elektr tarmoqlari» hissadorlik jamiyatiga tahliliy maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklar yuzasidan chora ko‘rishga va aholi tomonidan bildirilgan murojaatlarga tezkor reaksiya qilganini uchun minnatdorchilik bildiradi.

Mavzuga oid