O‘zbekiston | 20:26 / 12.09.2019
4665
4 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi tabiiy sharoit to‘liq hisobga olingan holda tashkillashtirilgan - Vazirlik

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda ma'lum qilinishicha, Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida bugungi kunda, asosan, qurilish mollari, santexnika mahsulotlari, terini qayta ishlash, metall konstruksiyalar yo‘nalishlarida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Ta'kidlanishicha, Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida 2019 yil yanvar-may oylarida ishlab chiqarilgan 419,7 milliard so‘mlik mahsulotning 26 foizi chetga eksport qilingan.

«Sirdaryo-Farm» erkin iqtisodiy zonasida esa farmatsevtika sohasida bir marta ishlatiladigan plastmassa idishlari va infuzol dori vositalarini ishlab chiqarish loyihalari ishlamoqda», deydi Sirdaryo EIZ direksiyasi direktori Nurbek Qurbonov.

Anjuman davomida jurnalistlarning Sirdaryo viloyatining o‘ziga xos tabiati ishlab chiqarish tizimiga ta'sir qilmaydimi, degan mazmundagi savoliga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Islomiddin Norimov javob berdi.

«Erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilishda hudud tanlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shamol qaysi tomondan esishidan tortib, havo harorati necha daraja bo‘lishigacha, inobatga olinib, ishlab chiqarish zonalari rejalashtiriladi», deydi Islomiddin Norimov.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, hech qachon charm-poyabzal ishlab chiqarish zavodi bilan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi yonma-yon joylashtirilmaydi. Sirdaryo EIZda ham xuddi shu tartibda har bir ichki va tashqi omillar inobatga olingan. 

Tadbir davomida Islomiddin Norimov bugungi kunda Xitoy, Turkiya, Rossiya va Janubiy Koreya davlatlarining O‘zbekistonga kiritayotgan investitsiya ulushi boshqa davlatlarga qaraganda ancha yuqoriligi haqida ma'lumot berdi.

«Investorlarni jalb qilish maqsadida har bir hududning o‘z investitsion potensiali, ya'ni mavjud xomashyo resurslari inobatga olingan holda maxsus grafiklar asosida investitsion biznes forumlar o‘tkazib boriladi. Ular doirasida hududning salohiyati namoyish qilinadi.

Masalan, Samarqandning turizm bo‘yicha imkoniyatlariga, Zomin tumanining esa dorivor o‘simliklarni qayta ishlash salohiyatiga urg‘u beriladi», deydi Islomiddin Norimov.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, turli xalqaro forumlarda ham mamlakat hududlarining imkoniyatidan kelib chiqqan holda xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida taqdimotlar o‘tkazib boriladi.

«Mamlakatda tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarda ham investorlarga qulay muhit yaratilishiga doimiy e'tibor qaratib boriladi. Hozirgi kunda ularning turli tashkilotlarda sarson bo‘lmasligi uchun yagona darcha tizimi joriy etilgan. Bu degani investor kelib EIZlar direksiyalariga uchrashib, o‘z muammolarini shu yerning o‘zida hal qilishi mumkin», deydi Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Islomiddin Norimov.