Namanganda “Korrupsiyaga qarshi kurash” mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi
“Namangan XETK” aksiyadorlik jamiyatida joriy yilning 13 sentabr kuni “Korrupsiyaga qarshi kurash” mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Bekzodjon Mirzaaxmedov, boshqarmaning bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Xolmirzayev, viloyat “Mahalla “ xayriya jamg‘armasining ma'naviyat va ma'rifat targ‘ibotchisi, shoir Ziyoviddin Mansurov hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining 03.01.2017 yilgi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ 419-sonli Qonunining ijrosini ta'minlash, “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ va uning tarkibiy birliklarida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturini amalga oshirish bo‘yicha 2019 yilga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, yig‘ilishda Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari B.Mirzaaxmedov bugungi kunda Namangan shahar va tuman elektr ta'minoti korxonalarida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan noxush holatlar haqida to‘xtalib, barchani bu kabi illatlarning oldini olishga chorladi.
Yig‘ilishda xalqimizning suyukli va ardoqli shoiri Ziyoviddin Mansurov so‘z olib, mamlakatimizda ushbu masalaga alohida e'tibor qaratilayotganini bayon etib, bu borada sezilarli darajada o‘zgarishlar bo‘layotgani to‘g‘risida gapirdi.
Keyingi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilayotgani, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilayotgani to‘g‘risida to‘xtaldi.
Viloyatda islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta'minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta'minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilyotgani o‘zining samarasini bermoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda “Namangan XETK” AJ Moliya iqtisod va elektr energiyasini sotish masalalari bo‘yicha direktori A.Tillaboyev, Innovatsiya va fan masalalari bo‘yicha direktori D.Mamadjanovlar ham o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.