Sport | 22:10 / 21.09.2019
83860
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston jahon chempionatida birinchi o‘rinni egalladi

Rossiyaning Yekaterinburg shahri mezbonlik qilgan boks bo‘yicha jahon chempionati yakuniga yetdi.

Kechaning eng asosiy jangi eng og‘ir vazn toifasida (+91 kg) finalga chiqqan o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov va qozog‘istonlik Qamshibek Qonqabayev o‘rtasida kechdi.

Jang yakunida hakamlar bir ovozdan o‘zbekistonlik bokschi g‘alabasini e'lon qilishdi va Jalolov jahon chempionatlaridagi ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, Jalolov o‘zining azaliy raqibi bilan o‘zaro hisob-kitob bo‘yicha oldinga chiqib oldi. Bungacha mazkur bokschilar o‘zaro 4 marta to‘qnash kelishgan va hisob 2:2 ko‘rinishida turgan edi.

Bahodir Jalolov turnirdagi ishtirokini nimchorak finalda boshlagan va dastlabki jangda ukrainalik Tsonte Rogavani mag‘lub etgandi. U chorak finalda amerikalik Richard Torresni nokautga uchratdi, yarim finalda rossiyalik Maksim Babaninga imkoniyat qoldirmasdan finalga chiqqandi.

Musobaqada jahonning 79 mamlakatidan 362 nafar sportchi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bordi. Ular qatorida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari ham 8ta vazn toifasida bahslarda ishtirok etishdi. O‘zbekiston terma jamoasi safida Shahobiddin Zoirov (-52 kg), Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg) va Bahodir Jalolov (+91 kg) oltin medalni qo‘lga kiritdi. Dilshodbek Ro‘zmetov (-81 kg) finalgacha yetib bordi va kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bobousmon Baturov (-69 kg) esa bronza medali bilan kifoyalandi. 

Shu tariqa, O‘zbekiston boks terma jamoasi turnirda 3ta oltin, bitta kumush va bitta bronza medal olib, turnirni birinchi o‘rinda yakunladi. 

Mezbon Rossiya terma jamoasi esa 3ta oltin va 1ta bronza medal bilan ikkinchi pog‘onadan o‘rin oldi. Qozog‘iston (1ta oltin, 1ta kumush va 4ta bronza) kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Keyingi o‘rinlarni Kuba (1ta oltin, 1ta kumush va 1ta bronza) va Angliya terma jamoalari (1ta kumush, 2ta bronza) band etishdi.

Qayd etish kerakki, bu turnirda O‘zbekiston boks terma jamoasi jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. O‘zbekistonlik bokschilar 2017 yili Hamburgda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 1ta oltin, 2ta kumush va 1ta bronza olishgandi. Tarixdagi eng yaxshi natija esa 1999 yilgi jahon chempionatida qayd etilgan, o‘shanda AQShning Hyuston shahri mezbonlik qilgan turnirda Muhammadqodir Abdullayev va O‘tkir Haydarov oltin medallarni qo‘lga kiritishgandi, shuningdek To‘lqinboy Turg‘unov kumush medal olgandi.

Oltin medal:
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzahalilov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Kumush medal:
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov

Bronza medal:
-69 kg: Bobousmon Baturov

Mavzuga oid