Jahon | 22:14 / 23.09.2019
81190
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning sobiq ichki ishlar vaziri o‘rinbosari o‘g‘li O‘zbekistonga qochib ketgan – OAV   

Kursan Asanov

Qirg‘izistonning sobiq ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Kursan Asanovning o‘g‘li O‘sh viloyatidagi “Dostuk” nazorat-o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonga qochib ketgan. Qirg‘izistonning bir necha nashrining xabar berishicha, bu haqda 7-8 avgustda Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha davlat komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida harbiy prokuratura vakili Nurkamol Nabiyev ma'lum qilgan. 

Uning aytishicha, Asanovning o‘g‘li dastlab gumonlanuvchi sifatida qaralmagan.

“Biroq ish shunga qarab ketayotgandi, unga nisbatan ko‘rsatmalar berilgan. Uni so‘roq qilmoqchi bo‘lganimizda, u qochib ketdi”, deb aytgan Nabiyev va Asanovning o‘g‘li o‘qigani ketgani haqidagi xabarni rad etgan.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, 22 yoshli Muhammadali Asanov xizmat mavqeini suiiste'mol qilishga sheriklikda gumon qilinmoqda. U qidiruvga berilgan. Unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida sirtdan hibsga olish hukmi chiqarilgan.

13 avgustda Kursan Asanov “militsiya manfaatlariga xoinlik qilgani” uchun o‘z lavozimidan olingandi. Unga nisbatan xizmat mavqeini suiiste'mol qilish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.  

Qirg‘iziston bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, 8 avgustda Asanov jinoiy ish bo‘yicha muhim ahamiyatga ega ashyoviy dalillar, hujjatlar va boshqa predmetlarning noqonuniy topshirilishini tashkillashtirgan. U bularning barchasini sobiq prezident Almazbek Atamboyevning Qo‘y-Toshdagi uyidan olib chiqqan.     

Asanovning haydovchisi Damirbek Payzilda uulu Asanovning buyrug‘i bilan 8 avgustda soat 21:00 va 21:15 oralig‘ida Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi binosi oldida ushbu ashyoviy dalillarni Muhammadali Asanovga topshirgan. Hujjatlar Atamboyevning tarafdorlariga berilgan. Ushbu jinoyatga aloqador barcha shaxslar aniqlashtirilmoqda.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari va tashqi ishlar vazirligi tomonidan Muhammadali Asanovning O‘zbekistonga qochib ketgani haqidagi ma'lumotlarga izoh berilmagan. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshqarma bu haqda hech qanday ma'lumotga ega emasligi ma'lum qilingan.

Mavzuga oid