Sport | 19:50 / 26.09.2019
11644
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Kubogi. «Paxtakor» finalga chiqdi

O‘zbekiston Kubogida ilk finalchi aniqlandi. O‘z maydonida «Nasaf»ni qabul qilgan «Paxtakor» o‘yin davomida kichik kambekni amalga oshirib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Avvaliga qarshiliklar hisobda oldinga chiqib olishgandi, ammo birinchi bo‘limning o‘zida vaziyatni o‘nglagan «Paxtakor» final yo‘llanmasini naqd qildi.

O‘yinning 7-daqiqasida «Paxtakor» xavfli hujum uyushtirdi va to‘p jarima maydonchasiga havolatib uzatildi. Ammo Cheran va Sergeyev to‘pga yeta olishmadi. 12-daqiqada «Paxtakor» xavfli jarima zarbasi tepish imkoniga ega bo‘ldi. Jaloliddin Masharipovning jarima maydonchasiga uzatgan to‘pini esa Abduvohid Ne'matov ushlab oldi.

13-daqiqaga kelib «Nasaf» ikkita ketma-ket xavfli vaziyat yaratdi. Avvaliga Dilshod Saidovning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pini Suyunov egallab olgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay Bobur Abduxoliqov uzoq masofadan Suyunovning hushyorligini sinab ko‘rdi, ammo Boburning zarbasi noaniq bo‘ldi.

18-daqiqaga «Nasaf» gol urishga yanada yaqin keldi. Bobur Abduxoliqov chap qanotdan yorib kirdi va to‘pni darvoza yaqiniga uzatishga urindi, ammo Yegor Krimets to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. 20-daqiqada «Nasaf» o‘yinda hisobni ochdi. O‘ng qanotdan Dilshod Saidov uzatgan to‘pni Bobur Abduxoliqov darvozaga joylab qo‘ydi.

33-daqiqaga kelib «Paxtakor» hisobni tenglashtirdi. Odil Hamrobekovning uzatmasini Dragan Cheran bosh bilan darvozaga yo‘lladi. 35-daqiqada «Paxtakor» hisobda oldinga chiqib olishi mumkin edi. Xuddi Cheranning golida bo‘lgan vaziyat takrorlandi va bu gal Sergeyev bosh bilan gol urishi mumkin edi. Ammo Igorning zarbasini Ne'matov qaytardi. Qaytgan to‘pni esa Doston Hamdamov tepaga tepib yubordi.

39-daqiqaga kelib «Paxtakor» hisobda oldinga chiqib oldi. Chap qanotdan jarima maydonchasiga kirib borgan Jaloliddin Masharipov chap oyoqda uzoq burchakni aniq nishonga oldi. 54-daqiqada mezbonlar farqni yanada oshirishlari mumkin edi. Farrux Sayfiyevning qanotda uzatgan to‘pini Igor Sergeyev bosh bilan darvozaga yo‘lladi, ammo Igorning zarbasi darvoza ustuniga tegdi.

58-daqiqada Masharipov va Sobirxo‘jayev chiroyli kombinatsiya uyushtirib Sergeyevni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga olib chiqishdi. Ammo hujumchiga xalaqit berishga ulgurgan Xurshid Muxtorov to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Shu tariqa «Paxtakor» ketma-ket ikkinchi yil kubok finaliga yo‘l oldi.

O‘zbekiston Kubogi
Bir o‘yindan iborat yarim final

«PAXTAKOR» — «NASAF» 2:1
Toshkent. «Paxtakor» stadioni, 12 680 tomoshabin.
Gollar: Igor Sergeyev (32), Jaloliddin Masharipov (39) — Bobur Abduxoliqov (20).
«Paxtakor»: Eldor Suyunov, Hojiakbar Alijonov, Marko Simich, Yegor Krimets, Farrux Sayfiyev, Odil Hamrobekov, Sardor Sobirxo‘jayev, Doston Hamdamov (Husniddin G‘ofurov, 88), Dragan Cheran (Vladimir Kozak, 73), Jaloliddin Masharipov, Igor Sergeyev (Marat Bikmayev, 90+2).
«Nasaf»: Abduvohid Ne'matov, G‘olib G‘aybullayev, Xurshid Muxtorov (Oybek Bozorov, 64), Umar Eshmurodov, Aziz G‘aniyev, Dilshod Saidov, Sharof Muhiddinov, Doniyor Narzullayev (Sherzod Nasrullayev, 70), Sardor Abduraihmov, Humoyun Murtazoyev, Bobur Abduxoliqov.

Mavzuga oid