Jahon | 20:24 / 30.09.2019
50815
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston bosh vaziri o‘zini prezident saylovlari g‘olibi deb e'lon qildi

Foto: EPA / TASS

Afg‘onistonning 59 yoshli bosh vaziri Abdulloh Abdulloh Kobulda o‘tgan matbuot anjumanda o‘z shtabi ma'lumotlariga ko‘ra u prezident saylovlarida yetakchilik qilayotganini ma'lum qildi. Abdullohning asosiy raqibi amaldagi prezident Ashraf G‘ani hisoblanadi.    

“Bizda ko‘pchilik ovoz. Natijalar Mustaqil saylov komissiyasi tomonidan e'lon qilinadi, biroq bizda ko‘pchilik. Ikkinchi tur bo‘lmaydi”, deb aytgan Abdulloh va jamoasi yangi hukumatni shakllantirishni boshlab yuborganini qo‘shimcha qilgan. Abdullohning ta'kidlashicha, ba'zi amaldorlar saylov jarayoniga qonunga zid ravishda aralashgan.

“Nomzodlarning birortasi o‘zini g‘olib deb e'lon qila olmaydi”, deb Abdullohning bayonotiga munosabat bildirgan saylov komissiyasi vakili Habib Rahmon Nang. 

Afg‘onistonda prezident saylovlari 28 sentyabrda bo‘lib o‘tdi. Birinchi turdayoq g‘olib bo‘lish uchun biror nomzod saylovchilarning 50 foizdan ko‘proq ovozini to‘plashi lozim. Saylov komissiyasi prezident saylovlarining dastlabki natijalarini 19 oktyabrda, yakuniy natijalarini esa 7 noyabrda e'lon qilmoqchi. Agar nomzodlardan birortasi 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘play olmasa, unda 23 noyabrda ikkinchi tur bo‘lib o‘tadi.

Saylovlarda 15 nomzod ishtirok etgan. Ularda mamlakatning 9,6 mln fuqarosi ovoz berishi mumkin bo‘lgan.  

Abdulloh saylovlarda uchinchi marta ishtirok etdi. U 2009 va 2014 yillardagi saylovlarda mag‘lub bo‘lgan, ammo o‘shanda ham saylovlardan keyinoq o‘zini g‘olib deb e'lon qilgan. 2014 yilda saylovlar natijalarining e'lon qilinishi bir necha oyga cho‘zilib ketgan, so‘ngra ikkinchi tur bo‘lib o‘tgan va unda Ashraf G‘ani g‘olib bo‘lgan. Biroq Abdulloh ovozlarning qayta hisoblanishini talab qilgan. Bir necha hafta davom etgan tortishuvdan keyin Abdulloh va G‘ani hokimiyatni bo‘lishib olishga kelishgan: G‘ani prezident bo‘lgan, Abdulloh esa bosh vazir lavozimini egallagan.

Mavzuga oid