O‘zbekiston | 23:37 / 30.09.2019
7569
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy arxeologiya markazi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 21 sentyabrda “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgandi. 

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida Milliy arxeologiya markazi davlat muassasasi shaklida tashkil etildi. Shuningdek, Fanlar akademiyasining Arxeologik tadqiqotlar instituti negizida Markazning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan filiali shaklidagi Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti tashkil etildi.

Milliy arxeologiya markazining asosiy vazifalari quyidagilar qilib belgilandi:  

  • respublika hududida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarni ilmiy-uslubiy jihatdan yo‘naltirish va arxeologik izlanishlarda tabiiy fanlarning zamonaviy tadqiqot uslublarini keng qo‘llash;
  • innovatsion texnologiyalardan keng foydalangan holda kompleks arxeologik ekspeditsiyalarni soha ta'limi amaliyoti bilan bog‘lab tashkil etish;
  • arxeologiya sohasida yetuk ilmiy kadrlar tayyorlash;
  • arxeologik yodgorliklarni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirishning ilmiy asosini tayyorlash;
  • arxeologik tadqiqotlarda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xorijiy mamlakatlarning arxeologiya yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tadqiqotchi-olimlar bilan qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalarni tizimli tashkil qilish;
  • arxeologik tadqiqotlarga oid xalqaro tadbirlarni mamlakatimizda tashkil etish va xorijda arxeologiya bo‘yicha o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etish;
  • tegishli vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda mamlakatda arxeologik tadqiqotlar olib borilishi zarur bo‘lgan hududiy obektlar yagona ma'lumot bankini hamda ularning muammolari bo‘yicha axborot bazasini shakllantirish;
  • arxeologik tadqiqot natijalarini keng ommaga yetkazish maqsadida muntazam ravishda ilmiy va ommabop kitoblar, zamonaviy tadqiqot uslublari singdirilgan o‘quv qo‘llanma va ko‘rsatmalarni nashr qilishni yo‘lga qo‘yish;

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Axsikent» arxeologiya merosi obektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik majmuasi faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan ta'minlash. 

Markazda faoliyat yuritadigan xodimlar soni eng ko‘pi bilan 35 nafar qilib belgilandi. Moliya vazirligi 3 yil davomida Markaz xodimlari sonini 80 nafargacha oshiradi. 

Markaz faoliyati O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan ilmiy-texnik loyihalar tanlovlarining natijalari bo‘yicha ajratiladigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Markazga arxeologik tadqiqotlarni o‘tkazish uchun dronlar sotib olinishida ko‘mak ko‘rsatiladi. 2 mln dollarlik homiylik mablag‘lari hisobiga “Bioarxeologiya” va “Landshaft arxeologiyasi” laboratoriyalarida zamonaviy ilmiy uskunalar o‘rnatiladi.

2020 yildan boshlab, har yili 1 mayga qadar «O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar» yillik to‘plami chop etib boriladi. Undan O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar olib borishga ruxsati bor arxeologlarning ilmiy hisobotlari joy oladi.

Namangan viloyati hokimligi 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta Axsikent yodgorligi asosida keng xalq ommasiga tarix bilimini targ‘ib etish hamda turizmni rivojlantirish maqsadida «O‘tmishga sayohat» xalqaro tarixiy-madaniy festivalini o‘tkazadi.

Mavzuga oid