Shu yilning 14 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining 22 yalpi majlisi o‘tkazildi hamda mazkur yig‘ilishda aholi o‘rtasida ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘lgan «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarorini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Kun.uz shu va boshqa masalalar bo‘yicha fikrlashish va hamon ochiq qolayotgan ayrim savollarga javob topish maqsadida Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, Reglament va odob komissiyasi raisi Iqboljon Mirzaaliyev (Iqbol Mirzo) bilan suhbat o‘tkazdi.

 — Iqboljon aka, shu paytga qadar bizda to‘ylar bo‘yicha turli qaror va farmonlar qabul qilingan. Shuningdek, mahalliy hokimliklar tomonidan ham ichki qoidalar kiritilgan, lekin bularning birortasi amaliy natija bergan emas. Xo‘sh, yaqindagi qo‘shma qaror nega qabul qilindi. Va qanday natijalar kutilmoqda?

O‘zi umuman, xalqimizda to‘ylar yuzasidan bahslar yuz yil oldin ham bo‘lgan, yuz yil keyin ham bo‘lsa kerak. Bu qo‘shma qaror biror ish berishiga ishonasizmi?

— Ishonaman. Xabaringiz bor, 1917 yil Toshkenda ulamo va olimlarimiz yig‘ilib, «Sho‘royi islomiya»ning s'yezdini chaqirishadi. Mazkur yig‘ilishda aynan to‘ylar masalasi muhokama qilinadi.

Tasavvur qiling, o‘sha paytda birinchi jahon urushi davom etayotgandi, hamma tomonda ocharchilik va bizning ulamolar tomonidan to‘ylar masalasi kun tartibiga qo‘yilib, muhokama qilingan, uning norma va me'yorlarini belgilashgan. Mazkur s'yezdga Munavvar qori Abdurashidxonov boshchilik qilgan.

Bu yig‘in yakunida to‘ylardagi isrofgarchiliklarni jilovlash bo‘yicha qaror qabul qilinib barcha hududlarga yuboriladi. Bu qarorda bir qancha normalar belgilangan edi. Masalan, nikoh to‘ylarida kuyovnavkarlar soni qirqtadan oshmasligi, to‘ylardan keyin «qirq», «yigirma», «yetti» degan xurofiy marosim va ma'rakalar o‘tkazilmasligi, ortiqcha mato, ko‘rpaliklar berish to‘xtatilishi kerakligi ko‘rsatilgandi.

Bu s'yezd qarorining menga ta'sir qilgan jihatlaridan biri shuki, unda jamiyatdagi badavlat, davlatmand kishilarga murojaat qilinib, xayr-ehsonni ochdan o‘layotganlar va kasallarga berish so‘raladi.

Qaror yakunida esa ko‘rsatilgan me'yorlarni buzgan kishilarga nisbatan bayonnoma tuzilib, uning ijrosi joylardagi qozilar, mirshablarga yuklatiladi va «Najot» gazetasining 1917 yil 27 aprel sonida bosilib chiqadi. Qaror: «Tejamkor bo‘linglar, Alloh tejamkor kishilarni sevadi», deya yakunlangan.