O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi hukumat va parlamentga  G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash yuzasidan murojaatnoma bilan chiqdi.

Yillar davomida aholini arzon un va non bilan ta'minlash masalasi g‘alla yetishtirish va uni qayta ishlashning davlat tomonidan qat'iyan boshqarilishi va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan g‘allaning bozor narxlariga nisbatan past narxlarda xarid qilish tamoyillari asosida hal qilinib kelindi.

Natijada, fermer xo‘jaliklarining hosildorlikni oshirish va g‘alla yetishtirish hajmini ko‘paytirishga qiziqishi pasayib, xarajatlarni faqat davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar doirasida amalga oshirib, qo‘shimcha daromad olish uchun o‘z mablag‘larini yo‘naltirishdan manfaatdorligi bo‘lmadi.

Shu bilan birga, arzon unning katta qismi amalda aholining tegishli qatlamlariga yetib bormasdan bozor narxlarida sotildi, ya'ni qo‘yilgan maqsad – aholining manzilli ijtimoiy himoyasi ta'minlanmadi. O‘z navbatida donni qayta ishlash korxonalarida va savdo tashkilotlarida suiiste'mol qilish holatlari ham uchraydi.

So‘nggi uch yilda barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham olib borilayotgan islohotlar natijasida qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilda respublikamiz fermerlari tomonidan 7 mln tonnadan ortiq g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik gektaridan 65 sentnerdan oshishiga erishildi hamda davlat resurslariga qo‘shimcha 532 ming tonna g‘alla qabul qilindi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan bir tonna g‘allaning xarid narxi 1 mln. 200 ming so‘m miqdorida belgilanishi va hosildorlikdan kelib chiqib 25 foizgacha ustama haq to‘lanishi natijasida g‘allaning o‘rtacha narxi 1 mln. 420 ming so‘mni tashkil etdi. Bir so‘z bilan aytganda, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi oshib, hosildorlik o‘sdi va fermerlar tarixda birinchi marotaba o‘z mehnati samarasini ko‘rdilar.

Lekin, g‘alla xarid narxlari bozor narxlariga yaqinlashtirilgan sharoitda, bir qator don korxonalari fermer xo‘jaliklaridan qabul qilgan g‘alla uchun hisob-kitobni yakuniga yetkaza olmayaptilar.

Buning sababi don korxonalari bug‘doyni bozor narxida xarid qilib, qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosi uchun 1400 so‘mdan, ya'ni Hukumat tomonidan belgilab qo‘yilgan qat'iy narxda sotishlari bilan izohlashmoqdalar. Don korxonalari zarar ko‘rayotgani sababli, fermerlar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qila olmayaptilar.