O‘zbekiston | 19:45 / 02.10.2019
2196
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi kitob yangi fikr demakdir - Xurshid Do‘stmuhammad «Tashkent Book Fest» yarmarkasi haqida

«Tashkent Book Fest» 1-Toshkent kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida bir qator mualliflarning kitob taqdimotlari ham o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ko‘rgazmaning dastlabki kuni bir necha kitoblar kitobxonlarga tanishtirildi. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi Ibrohim G‘afurovning «Mehr quyoshi» kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Asar G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU tomonidan nashr etilgan. 

Taqdimotda ishtirok etgan Anvar Obidjon, Xurshid Do‘stmuhammad kabi yozuvchilar ushbu kitob haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdilar. «Kitobda ko‘plab ta'sirli o‘rinlar, o‘ylashga, mushohadaga tortadigan satrlar mavjud. Masalan, ko‘z oldingizga keltiring, kitobdan bir dona kiprik tolasini topsangiz nimani o‘ylaysiz?.. Muallif bu otamni yoki onamni kiprigi emasmikin, deb xayolga toladi. Shu birgina zarradek narsa insonga hayoti o‘tmishini eslatadi. Bunday topilmalar kitobda juda ham ko‘p», deydi X.Do‘stmuhammad.

Shuningdek, yozuvchi ko‘rgazma-yarmarka xususida taassurotlarini so‘zlab berdi: «Dunyoda bayramlar ko‘p. Bo‘lib o‘tayotgan bu ko‘rgazma qalamkash va kitobxonlar uchun alohida bir bayram. Bu yerda siz yangi kitob ko‘rasiz, demakki, yangi fikr olasiz, yangilik topasiz. 

Mazkur ko‘rgazmada kitoblar nashr etish texnologiyasi rivojlanib ketganini ko‘ryapmiz. Shu hisobda O‘zbekistondagi nashriyotlar ham xorijnikidan kam emas. Mavzular xilma-xilligi, mualliflarning, tarjima adabiyotlarning ko‘pligi quvontiradi, albatta».

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid