O‘zbekiston Prezidenti Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibini qabul qildi
Bugun, 4 oktabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi va Investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dat Amreyevni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Turkiy kengash o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Mamlakatimiz 14 sentabr kuni 2009 yil 3 oktyabrda imzolangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qildi hamda tashkilotning joriy yil 15 oktabr kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan yettinchi sammitida to‘la huquqli a'zo sifatida ishtirok etadi.
O‘zbekiston va Turkiy kengash mamlakatlarini azaldan nafaqat madaniyat, til, ma'naviyat mushtarakligi, balki an'anaviy do‘stlik va uzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar bog‘lab turishi ta'kidlandi.
Uchrashuvda Turkiy kengashning birinchi navbatda savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, turizm, madaniy-gumanitar almashinuvlar kabi dolzarb yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi samarali mintaqaviy tuzilma sifatidagi salohiyatiga yuksak baho berildi.
Turkiy kengash bosh kotibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz Kengashga to‘la huquqli a'zo sifatida kirishi bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekistonning a'zo bo‘lishi tashkilot doirasida samarali ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada jadal rivojlantirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Bag‘dat Amreyev O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi sohasida, iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
O‘zbekiston xorijiy sheriklar bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishda, avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotganini alohida qayd etdi.
Oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiy kengashning bo‘lajak sammitiga tayyorgarlikning borishi to‘g‘risida ma'lumot berdi hamda Kengash bilan O‘zbekiston o‘rtasida samarali munosabatlarni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi
16:30 / 01.10.2024