Jamiyat | 23:15 / 07.10.2019
120167
7 daqiqa o‘qiladi

Anqara bosh prokurori Nodira Qodirova ishi bo‘yicha Kun.uz'ga izoh berdi

Yuksel Kojaman / Foto: Anqara shahar prokuraturasi

Turkiya poytaxti Anqarada, parlament deputatining uyidagi noma'lum hodisa oqibatida vafot etgan o‘zbekistonlik Nodira Qodirovaning o‘limi ikki haftadan buyon ham o‘zbek, ham turk jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lib turibdi.

Kun.uz muxbiri mazkur shubhali holat yuzasidan izoh olish maqsadida, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko‘magi bilan, Anqara shahar bosh prokurori Yuksel Kojaman qabulida bo‘ldi.

Suhbat avvalida prokuror O‘zbekiston va Turkiya xalqlarini qardoshlik rishtalari bog‘lab turishini ta'kidlab o‘tdi.

«Birinchi navbatda shuni aytishim kerakki, bizni O‘zbekiston bilan samimiy do‘stlik aloqalari bog‘lab turadi. Qardosh O‘zbekiston xalqining bizdan xafa bo‘lishini istamaymiz.

Biz, u kim bo‘lishidan qat'i nazar, adolatli tarzda surishtiruv olib boramiz. O‘zbekiston vatandoshlari bizning himoyamiz ostida», – dedi Kojaman.

Anqara shahar bosh prokurorining fikricha, ayrim nashrlar hodisani juda bo‘rttirib yoritmoqda. Ya'ni bu orqali ba'zilar hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasini obro‘sizlantirishga urinyapti.

«Hodisa Adolat va taraqqiyot partiyasining parlamentdagi deputati uyida bo‘lgani uchun ham odamlar orasida har xil gap-so‘zlar yuribdi.

Bu yerda ba'zi nashrlar tomonidan partiyaga qarshi turli fitnalar qilinyapti. Bu kabi holatlardan, masalan, muxolifat hukmron partiyaga bosim o‘tkazish maqsadida foydalanib qolishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. Ularning ham ma'lum darajada OAVga ta'siri bor. Lekin biz bu fitnaga uchmaymiz, bu bosimlarga yon bermaymiz. OAV bosim o‘tkazishda davom etishi mumkin, ammo biz o‘z ishimizni professional bajarishda davom etamiz», – deydi u.

Yuksel Kojaman bevosita hodisa haqida to‘xtalar ekan, voqeani suitsid deb gumon qilish uchun ba'zi asoslar borligini ma'lum qildi.

«Voqea ro‘y bergan xonadagi barcha ashyoviy dalillar o‘rganilmoqda, xona o‘sha vaqtda videotasvirga tushirilgan. Surishtiruv tugagandan keyin bor dalillarni taqdim etamiz.

Bizdagi birinchi dalil – organ xodimlari borgan vaqtda qizning xonasi ichkaridan qulflangan bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, shu faktning o‘zi bilan cheklanib, surishtiruv ishlarini to‘xtatib qo‘ymoqchi emasmiz.

Odamlar orasida to‘pponcha ikki qo‘l bilan ushlab otilgani haqida gaplar yuribdi. Lekin ekspertiza qilganimizda bir qo‘l bilan o‘q uzilganini aniqladik. Uydagi hamma shaxslarning barmoq izlarini olganmiz», – dedi prokuror.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspertiza davomida marhumning tanasida o‘q jarohatidan boshqa shikastlanish alomatlari bor-yo‘qligi ham inobatga olingan.

«Qolaversa, marhumning tanasida o‘q yarasidan boshqa har qanaqa jarohat bor-yo‘qligi yuzasidan chuqur ekspertiza o‘tkazganmiz. Hamma namunalar olingan», – dedi Anqara prokuraturasi rahbari.

Yuksel Kojaman, shuningdek, jasad shoshilinch ravishda O‘zbekistonga yuborilgani haqidagi shubha-gumonlarga munosabat bildirdi.

«Marhumning jasadi O‘zbekistonga tezlik bilan jo‘natib yuborilgan, degan gaplar ham bor. Unaqa bo‘lgani yo‘q. Biz hamma namunalarni olib, barcha tekshiruvlarni o‘tkazib bo‘lgandan keyin dafn etish uchun yubordik. Ekspertiza ma'lumotlari bizda 100 yil saqlanadi.

Surishtiruvni davom ettiryapmiz. Sud-tibbiy ekspertizasi bizga yakuniy xulosa berganidan keyin uni jamoatchilikka ochiqlaymiz», – deb qayd etdi u.

Suhbat yakunida Anqara bosh prokurori marhumning oila a'zolari va O‘zbekiston xalqiga ta'ziya izhor qildi.

«Konsullik orqali marhumning oilasi bilan bog‘lanib, qandaydir shikoyatingiz bormi, qo‘rqmay aytavering, deb so‘ramoqchimiz.

Men oddiy inson sifatida marhumning oila a'zolaridan, butun O‘zbekiston xalqidan ta'ziyamni qabul qilishlarini so‘rayman», – dedi Yuksel Kojaman.

Eslatib o‘tamiz, 1996 yilda tug‘ilgan Nodira Qodirova iste'fodagi general Shirin Unalning uyida bir yildan buyon xizmatchilik qilib kelayotgan bo‘lgan. U 23 sentabr oqshomida, politsiyaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, generalning to‘pponchasi bilan o‘zini otib qo‘ygan, oqibatda kasalxonada jon bergan.

Qodirovaning akasi va dugonasi u voqeadan oldin jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lishi mumkin, degan da'voni ilgari surmoqda. Marhumning dugonasi Laylo Niyozova u o‘limidan oldin shu mavzuda gapirganini aytayotgan bo‘lsa, akasi Muhammad Ali singlisida o‘z joniga qasd qilish uchun hech qanday sabab bo‘lmagani, u universitetga kirish niyatida bo‘lganini ta'kidlagan.

Bundan tashqari, kuni kecha Deutsche Welle «Nodiraning o‘limi bo‘yicha shubhalar ortmoqda» sarlavhali maqola e'lon qildi. Unda marhumning jasadi O‘zbekistonga keltirilgach, dafn etishdan oldin yuvish chog‘ida tanada ikkita o‘q izi va ko‘kargan joylar borligining guvohi bo‘lishgani haqida so‘z boradi.

Mavzuga oid:

O‘zbekistonlik qiz Turkiya parlamenti deputatining uyida o‘zini otib qo‘ydi. Marhumning akasi politsiya xulosasidan shubhada

Nodira Qodirova ishi. Yaqinlari marhumning zo‘rlanganini taxmin qilayotgan bir paytda prokuror uni fohishalikda gumon qilyapti

Nodira Qodirova ishi. Turkiya parlamentining muxolif deputati Adliya vaziridan 6ta savolga javob talab qildi

TIV: Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida

Huquqshunos: «Ular Nodira Qodirovani fohishalikda ayblash orqali o‘zlarini oqlab olishmoqchi»

Nodira Qodirova ishi bo‘yicha deputatning o‘zi qanday ko‘rsatma bergani ma'lum – OAV

Qodirovaning Turkiyada ishlash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda norozilik kampaniyasi boshlandi

Mavzuga oid