Sport | 23:56 / 07.10.2019
19406
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy jamoasi Yaman va Singapurga qarshi o‘yinlarga tayyorgarlikni davom ettirmoqda (fotoreportaj)

Vadim Abramov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2022 saralashi doirasidan o‘rin olgan Yaman va Singapurga qarshi o‘yinlarga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Mashg‘ulotlar «Jar» stadionida bo‘lib o‘tmoqda.

Tarkibdagi o‘zgarishlarga keladigan bo‘lsak, kengaytirilgan ro‘yxatdan o‘rin olgan Odil Hamrobekov, Oston O‘runov, Dilshod Ahmadaliyev va Jasur Yaxshiboyev bugungi mashg‘ulotlarda qatnashishmadi. Ma'lum bo‘lishicha, Abramov ularga javob berib yuborgan. Bu futbolchilardan ikkitasi – Oston O‘runov va Jasur Yaxshiboyev olimpiya terma jamoasi mashg‘ulotlariga qo‘shilishdi. 

Legionerlarimizdan Odil Ahmedov, Otabek Shukurov va Timurxo‘ja Abduxoliqov ayrim mashg‘ulotlarni invidiual tarzda bajarishdi. Eldor Shomurodov va Ikrom Aliboyev esa Toshkentga yetib kelishgan, mashg‘ulotlarga ertadan qo‘shilishadi.

Yana bir yangilik shuki, olimpiya terma jamoamiz a'zosi Sanjar Qodirqulov bugun milliy jamoa bilan shug‘ullandi. Abramov uni o‘ng qanot himoyachisi Hojiakbar Alijonovga zaxira varianti sifatida chaqirgan ko‘rinadi.  

Shunday qilib, Abramov ixtiyorida 25 nafar futbolchi qoldi. Qaydnomadan 23 nafar futbolchi joy olishini inobatga olsak, yana 2ta futbolchiga javob berib yuborilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, milliy jamoamiz 10 oktabr kuni Yamanni qabul qilib, 15 oktabr kuni Singapur mehmoni bo‘ladi. Yaman milliy jamoasiga qarshi bahs «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanadi. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z guruhida so‘nggi, 5-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid