Jamiyat | 20:07 / 07.10.2019
16359
6 daqiqa o‘qiladi

Tanlov senda: yo siyosatdan chetda tur, yo taqdiringni o‘zing belgila

Kecha televizorda Amerika kinosi bo‘layotgan ekan. Undagi qahramon qo‘l ostidagi xodim bilan suhbatda kasbiga jon kuydirib, hayotidagi eng muhim kunlaridan ham voz kechganini aytdi:

«Men suvosti kemasida ancha yillik tajribaga egaman. Kasbimni sevaman. Uni deb 4 marta prezident saylovlariga, bir necha bor qizimning tug‘ilgan kuniga ham bormadim...» Kalit so‘z – saylov.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, u hayotidagi eng muhim kunlarni sanadi. Amerikada saylov barchasidan ustun turadi. Aholi «Bu fuqarolik burchim va men keyingi 4 yillik taqdirimni o‘zim belgilayman», deb prezidentlik sayloviga boradi. Boshqa saylovlarga ham shunday munosabatda ular.

Shunga yarasha, partiyalar saylovlarga alohida tayyorgarlik ko‘radi. Davlat va mahalliy hokimliklar ham ularning ishiga aralashmaydi. Noqonuniy aralashgani yoki aralashmoqchi bo‘lgani esa o‘z vaqtida jazolanadi.

Ularda bizdagi kabi «kim saylanishi ma'lum-ku» degan tushuncha yo‘q. Saylov kampaniyasi boshlangach, hamma u bilan band bo‘ladi. Ommaviy axborot vositalari partiyalar uchun erkin «jang» platformasiga aylanadi. Televideniye kanallarini almashtiraverasiz, demokratlar va respublikachilar bir-birini so‘zlar orqali «g‘ajib» tashlayotganini ko‘raverasiz. Ular ommani o‘ziga qaratish bilan band bo‘ladi. Har xil shoular beriladi. Hammasi chinakamiga shaffof bo‘ladi va barchasi fuqaro uchun qiziq tuyuladi.

Fuqaro o‘ziga-o‘zi «men ham siyosatning tarkibiy qismiman, men faol bo‘lishim kerak», deydi. Bizda esa biror gap aytsangiz, «siyosatga aralashma, tinch tur bolam», degan gaplar urchib turadi. Ular-chi, Kongressdagi joyning qadrini boyliklardan ustun ko‘rishadi. Qancha ko‘p nomzodingiz kreslolarni egallasa, siz davlatni boshqarasiz. Ular orqali takliflar berasiz. Sodda qilib aytsak, vakilingiz orqali qonunchilik sizning qo‘lingizda bo‘ladi. Islohotlarni siz amalga oshirasiz. Ha, ha, partiyangiz Amerikani boshqaradi.

Kuni kecha Markaziy saylov komissiyasi a'zosi, siyosatchi va jurnalist Sherzod Qudratxo‘jayev bilan jurnalist va blogerlar o‘rtasida saylov ishlarini tashkil etish bo‘yicha ochiq suhbat o‘tkazildi. Rasmiylikdan qochildi va ishtirokchilar kerakli takliflarni berib o‘tdi.

Suhbatda jurnalist, bloger Eldar Asanov va Kun.uz jurnalisti Bahodir Ahmedovlar partiya nomzodlari saylovchilar bilan uchrashuvlarga borganda rasmiylikdan uzoqlashishi kerakligi, maqsadlarini oddiy xalqona tilda tushuntirishi lozimligi, xalq kostyum-shimli va'dabozlardan chinakamiga zerikkanini bildirishdi.

Xalqaro matbuot markazi vakili esa jurnalist va blogerlar uchun saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashish ochiq bo‘lishi, natijalarni hisoblashda ham xolis sifatida qatnashishi muhim natija berishi mumkinligini tushuntirdi.

Qalampir.uz sayti asoschisi Qamariddin Shayxov bizdagi saylovlarni Turkiyaga qiyoslab, bir qator kamchiliklarni sanadi. Partiyalar OAVlarda debat maydonlarini tashkil qilishi zarurligini aytdi.

Jurnalist Jahongir Mardonov esa deputat ijtimoiy muammolarni hal qiluvchi emas, qonunchilikda tashabbus ko‘rsatuvchi haqiqiy kuchga aylanishi lozimligi haqida gapirdi.

Tan olish kerak, bizdagi partiyalar 4 yil-u 9 oy faollik ko‘rsatmay, 3 oyda yugurib-yelib qolishadi. Yoki shu vaqt ichida qilayotgan ishlarini ochiq ko‘rsatib bera olishmaydi.

Bu usul yaramaydi. Har xil byurokratik yig‘ilishlar, sochni yonga tarab qog‘ozdagi tayyor yozilgan matnni o‘qib berishlardan qochish kerak.

Partiyamisiz? Yil bo‘yi faol bo‘ling. «Kuting, kuting» bilan ham odamlar zerikib ketadi. Maqsadlar aniq belgilanishi zarur. Menimcha, katta va'dalardan qochib, barcha tashkilotlardan mustaqil bo‘lgan tashkilotga aylanish vaqti keldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqishlaridan birida parlamentni tanqid qilib, mustaqillikning ilk yillaridagi Oliy Kengashda bo‘lgan tortishuvlarni misol keltirgandi. Nega? Chunki o‘sha vaqtda Shavkat Mirziyoyev deputat edi va haqiqatda jonli parlamentga shaxsan guvoh bo‘lgandi.

Davlat hozirgi kunda professional, xalq dardini qo‘rqmay ayta oladigan, yangi g‘oyalarga ega, dunyoqarashi keng, demokratik tamoyillarga asoslanib fikrlaydigan deputatlardan shakllangan jonli parlamentga muhtoj. Biz esa chinakamiga tortishuvlar uyushtirishingiz uchun erkin platformaga aylanishga tayyormiz.

Shu o‘rinda, fuqarolar ham saylovlarda faol bo‘lishi, pasportini bomdod namoziga masjidga chiqqan bobosining qo‘liga berib, «o‘zingiz bizning o‘rnimizga belgilab keling» qabilida ish tutmasligi lozim. Unutmang, agar hammasi adolatli bo‘lsa, siz keyingi besh yillik taqdiringizni belgilaysiz. Taqdiringizga esa befarq bo‘lmang.

Zafarbek Solijonov, jurnalist

Mavzuga oid