Jahon | 20:36 / 09.10.2019
12256
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo davlatlari raqobatbardoshligi reytingi e'lon qilindi 

Jahon iqtisodiy forumi 8 oktyabrda davlatlar raqobatbardoshligining yangi reytingini e'lon qildi. 

2019 yilda reytingga 141 davlat kiritilgan bo‘lib, unda Singapur yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinni AQSh, 3-o‘rinni Xitoyning maxsus tumani bo‘lgan Hongkong egallamoqda. Yetakchi beshtalikka Niderlandiya va Shveytsariya ham kirgan. 

2018 yilda reytingning yuqori beshtaligi quyidagicha ko‘rinishda bo‘lgan: 1-o‘rinni AQSh, keyingi o‘rinlarni Singapur, Germaniya, Shveytsariya va Yaponiya egallagan.

Joriy reytingda dunyoning yetakchi davlatlaridan Yaponiya 6-o‘rinni, Germaniya 7-o‘rinni, Britaniya 9-o‘rinni, Xitoy 28-o‘rinni va Rossiya 43-o‘rinni egallagan.

Reytingning so‘nggi o‘rinlariga Kongo, Yaman va Chad qo‘yilgan.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston reytingda 55-o‘rinni, Qirg‘iziston 96-o‘rinni va  Tojikiston 104-o‘rinni egallagan, O‘zbekiston va Turkmaniston taqdim etilmagan.  

Reytingga joriy yil 141 davlat kiritilgan. De-fakto reyting 1979 yildan beri mavjud, ammo Jahon iqtisodiy forumining global raqobatbardoshlik indeksini (Global Competitiveness Index, GCI) hisoblashning zamonaviy metodologiyasi 2005 yildan qo‘llanib kelinadi. GCI raqobatbardoshlikning 12 ta ko‘rsatkichini o‘z ichiga oladi va har yil ochiq ma'lumotlarga tayangan holda 100 dan ko‘proq davlatdan bir necha minglab ekspertlar fikrlari hisobga olingan holda tuziladi.

Mavzuga oid