Jahon | 21:17 / 11.10.2019
11930
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Qozog‘istondagi ikkihokimlik haqidagi gaplarni inkor etdi 

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev uning iste'fosidan keyin Qozog‘istonda ikkihokimlik o‘rnatilgani haqidagi gaplarni inkor etdi.  

Qozog‘istonga 30 yil rahbarlik qilgan Nazarboyev 20 mart kuni o‘z vakolatlarini topshirgandi. Shundan keyin mamlakat prezidenti lavozimini bungacha parlament senati raisi bo‘lgan Qosim-Jomart Toqayev egallagan. Bir qator siyosatshunoslarning fikricha, Toqayev ma'muriyati qarorlarni qabul qilishdagi yagona markaz hisoblanmaydi va xavfsizlik kengashi rahbari hamda Nur Otan partiyasi yetakchisi lavozimlarini saqlab qolgan Nazarboyev devonxonasi ishiga tobe hisoblanadi.          

“Bu hech qanday asosga ega emas, chunki Qozog‘iston prezidentlik boshqaruvi shakliga ega unitar davlat hisoblanadi”, deb aytgan Nazarboyev “Xabar” telekanaliga intervyusida.     

Nazarboyevning ta'kidlashicha, Toqayev undan maslahat so‘rasagina, unga maslahat beradi. “Men yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turaman. Maslahatlashsa – maslahat beraman, so‘ramasa – bermayman”, deb aytgan Qozog‘istonning birinchi prezidenti.    

Mavzuga oid