Hukumat huzuridagi Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi Komissiyasi texnik ko‘magini muvofiqlashtirish byurosi tugatildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Moliya vazirligining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi Komissiyasining texnik ko‘magini muvofiqlashtirish byurosini (O‘zByuroKeS) tugatish va uning huquqlari, majburiyatlari, shtat birliklari va mulki (bino va inshootlari)ni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga topshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.
Vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni 11 nafardan iborat bo‘lgan Tashqi beg‘araz ko‘makni muvofiqlashtirish departamenti tashkil etildi.
Belgilanishicha, Departamentning shtat birliklari O‘zByuroKeSning 7 dona shtat birligi hamda Vazirlikning umumiy shtatlar soni hisobiga shakllantiriladi.
Vazirlik 2020 yil 1 avgustga qadar, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini elektron tarzda kelishish, monitoring qilish va hisobga olish” axborot tizimini ishlab chiqadi va joriy etadi:
Dasturlarni shakllantirish, kelishish va hisobga olish jarayonlarini raqamlashtirish;
tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarining muddatlariga rioya etilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi ustidan monitoringni amalga oshirish;
hamma uchun ishonarli va ochiq bo‘lgan, jalb qilingan va o‘zlashtirilgan grantlarning hajmi va yo‘nalishlari, donorlarning mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan joriy loyihalarni amalga oshirishning borishi to‘g‘risidagi hamda grantlar bilan bog‘liq boshqa barcha ma'lumotlarni shakllantirish;
loyiha tashabbuskorlariga tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini jalb etish va samarali amalga oshirish, loyihalarning pasportlarini va loyiha hujjatlarini sifatli tayyorlash masalalari bo‘yicha, shuningdek, donorlarga esa grantlarni ajratish geografiyasi va yo‘nalishlari to‘g‘risida onlayn-maslahatlar berish.
Vazirlik 2020 yil 1 fevralga qadar Axborot tizimini ishlab chiqish va joriy qilishni moliyalashtirish uchun grantlar jalb etilishini ta'minlaydi.
Belgilanishicha:
loyiha tashabbuskorlari bir loyiha bo‘yicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan oshmaydigan grantlarni mustaqil ravishda jalb etadi va donorlar bilan muzokaralarni olib boradi, bunda grantlar jalb etilishini nazarda tutuvchi bitimlarning nusxalari Vazirlikka majburiy tartibda yuboriladi;
davlat organlari va tashkilotlariga, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan donorlarning loyiha tashabbuslari nusxalari ularning ko‘rib chiqilishi ustidan monitoringni amalga oshirish uchun nusxalar kelib tushgan kundan boshlab bir kun ichida Vazirlikka majburiy tartibda yuboriladi;
2021 yil 1 yanvardan boshlab Dasturlarni kelishish, shakllantirish va tasdiqlash Axborot tizimi orqali faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.
2019 yil 1 dekabrdan boshlab shunday tartib joriy etiladiki, unga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasiga donorlar delegatsiyalari tashriflarini va ularning rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlarini tashkil etish, shuningdek, respublika hududlariga safarlar tashkil qilish masalalari bo‘yicha so‘rovlarni Tashqi ishlar vazirligiga oldindan yuborish muddati 30 ish kunidan 15 ish kunigacha qisqartiriladi;
grant oluvchilar tomonidan bank hisobvaraqlaridan ko‘chirmalarni, shuningdek, texnik ko‘mak mablag‘lari to‘g‘risida axborot va idoraviy hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligiga taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
grant oluvchilar har chorakda (hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmasdan) Vazirlikka olingan va o‘zlashtirilgan grantlar hamda amalga oshirilayotgan tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Vazirlik tomonidan belgilanadigan shakl bo‘yicha taqdim etadi;
davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlaganlik hamda tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishganlik uchun grantlarni jalb etish va o‘zlashtirishda bevosita ishtirok etgan xodimlarga nisbatan tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari, mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari, grantlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mehnatga haq to‘lash minimal miqdorining o‘n besh baravarigacha, ammo o‘zlashtirilgan grant summasining ikki foizidan oshmaydigan miqdorda bir yo‘la mukofotlash tarzidagi rag‘batlantirish choralarini qo‘llash huquqi beriladi;
loyiha tashabbuskorlariga grantlarni jalb etish to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlarni budjetdan tashqari jamg‘armalar, mahalliy budjetlar daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlari orttirib bajarilgan qismidan bo‘shagan qoldiqlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplash huquqi beriladi.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Vazirlik yoki loyiha tashabbuskorlari – budjet tashkilotlarining buyurtmanomalariga ko‘ra Dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik yig‘imlarini va amaldagi xarajatlarni qoplash hisobiga yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini o‘rnatilgan tartibda ta'minlaydi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Vazirlik yoki loyiha tashabbuskorlari – budjet tashkilotlarining buyurtmanomalariga ko‘ra Dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar uchun davlat boji undirilmagan holda ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular yashab turgan joyda vaqtincha propiskaga qo‘yilishi va vaqtincha propiska muddati uzaytirilishini o‘rnatilgan tartibda ta'minlaydi;
Dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida xarid qilingan transport vositalari majburiy to‘lovlar va yig‘imlar undirilmagan holda ro‘yxatga olinishini ta'minlaydi, avtomototransport vositasini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi guvohnoma va davlatning ro‘yxatga olish raqam belgilari uchun to‘lovlar bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Dasturlarga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida kirib kelayotgan dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnikaga nisbatan davlat reyestriga kiritmasdan va o‘rnatilgan yig‘imlarni undirmagan holda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika bir martalik davlat ro‘yxatiga olinishini va ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi berilishini ta'minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan dori vositalarini ro‘yxatga olish natijalarini tan olish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Belgilanishicha, ushbu Farmon bilan nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar summasi, basharti donorlar bilan bitimlarda o‘zgacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini amalga oshirishga qo‘shadigan hissasi hisoblanadi.
Tashqi beg‘araz ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil qilindi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:
donorlar bilan doimiy muloqot platformasini shakllantirish, tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini moliyalashtirish va amalga oshirish bilan bog‘liq muammoli masalalarni hal etishda yordam ko‘rsatish;
O‘zbekiston Respublikasining donorlar bilan hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini amalga oshirish uchun hamkorlik geografiyasini kengaytirish va moliyalashtirishning yangi salohiyatli manbalarini izlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borish;
tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini kelishish va ishlab chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish va mexanizmlarini takomillashtirish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni ta'minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
har oy davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining grantlarni jalb qilish va ularning hajmlarini ko‘paytirish, donorlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risida, shuningdek, har olti oyda – O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarining tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xodimlarining hisobotlarini tinglash.
Mavzuga oid
12:32 / 22.10.2024
Profta’lim muassasalari texnikumlarga birlashyapti – tizimda qanday o‘zgarishlar bor?
17:35 / 16.10.2024
“Bu yerda talabaning yangi bilimlarni o‘zi xohlab o‘rganishi birinchi o‘rinda turadi” - Nyu-York universitetining o‘zbekistonlik talabasi
09:00 / 17.08.2024
Jahon brendlari bilan hamkorlik qilgan ishlab chiqaruvchilar 1 million dollar miqdorida grant oladi
17:59 / 07.08.2024