Mehmonxona qurish uchun tanlovda bino yutib olgan tadbirkor may oyidan buyon sarson bo‘lib kelayotgani, ma'muriy va boshqa to‘siqlar uni ishlashga qo‘ymayotgani haqidagi murojaatidan so‘ng sarlavhadagi savol yuzaga qalqib chiqmoqda.

Tadbirkor aytgan muammoga yuzlashishdan oldin Samarqanddagi turizm ahvoliga bir nazar tashlab olaylik.

Bu qadimiy shaharda turizmdan kelayotgan daromadlar mavjud salohiyatga aslo mos emasligi rahbarlar tomonidan ham, mutaxassislar tomonidan ham ko‘p marta tanqid qilindi. O‘tgan yili Samarqandga kelgan xorijiy sayyohlar soni 351 ming nafarni tashkil etgani aytilmoqda. Solishtirish uchun, Parij shahridagi birgina Luvr muzeyiga bir yilda o‘rtacha 7 million nafar sayyoh kelarkan.

Aytish mumkin, Samarqandni Parij bilan solishtirib bo‘lmaydi-da, deb. To‘g‘ri, hozircha bizda infratuzilma yaxshimas, mehmonxonalar kam, muammo ko‘pdir. Ammo bir narsa aniqki, shu sohaga hissamni qo‘shaman, degan tadbirkorlarga bugungidek to‘siqlar qolaverar ekan, bundan keyin ham sohadagi muammolar girdobidan chiqib ketish gumon.

Bizga murojaat qilgan fuqaro J.Mamashukurova mehmonxona sohasi tadbirkorlaridan biri.

«Joriy yilning 20 may kuni Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari raisligidagi ishchi komissiya tomonidan moddiy-madaniy meros obektlarni ijaraga berish bo‘yicha tanlovda qatnashib g‘olib bo‘ldim. Mazkur tanlovga qo‘yilgan binolardan biri — Samarqand shahar Tolmasov ko‘chasidagi 37- va 37-«A» manzilda joylashgan mahalla binosi edi. Mazkur binolarning tarixiyligiga zarar yetkazmagan holda, tegishli tashkilotlar belgilagan talablarni buzmasdan ta'mirlab, mehmonxona qurish taklifini berdim.

Asli tanlov qoidalaridan biri ham moddiy-madaniy meros obektlarini ijaraga olib, yaxshi saqlash va foydalanish edi. Shu maqsadda ikkita bino uchun 9 milliard so‘m investitsiya kiritib, 30ta ish o‘rni yaratishni mo‘ljallaganman.

Ammo tanlovda g‘olib bo‘lganimga salkam yarim yil o‘tgan bo‘lsa-da hamon ishni boshlay olmayapman. Qo‘limga tegishli hech qanday hujjat berilgan emas. Qanchalik yugurmay hech narsaga erisha olmayapman.

Viloyat hokimligi, Samarqand shahar hokimligi, turizmni rivojlantirish departamenti Samarqand bo‘limi va shahar kadastr bo‘limlari o‘rtasida qatnab ta'mirlash uchun qulay vaqt bo‘lgan issiq kunlar ham o‘tib ketdi. Kadastr idorasidagilar «qaror bo‘lmasa kadastr qilib bermaymiz», deyishsa, hokimlik vakillari «qaror bermaymiz», deydi.