O‘zbekistonda reklama davlat tilida berilishi majburiy bo‘lishi kutilmoqda. Soha rasmiysi bunga izoh berdi
"Reklama to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririda reklamalarning davlat tilida berilishi zarurligi, reklama beruvchi xohishiga ko‘ra uni istalgan tilda takroriy variantini ham e'lon qilish mumkinligi belgilab qo‘yilishi kutilyapti.
Ayni paytda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va tegishli tashkilotlar tomonidan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Azimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qonunning yangi tahriridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.
- Reklama davlat tilida berilishi majburiy bo‘ladi
– Yangi tahrirdagi qonunda o‘zgarishi mumkin bo‘lgan asosiy jihatlar nimalardan iborat?
– Birinchi navbatda reklama tili haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu narsa hanuz ko‘pchilik o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Ayrim fuqarolar, marketologlar reklama tilini cheklashga qarshi chiqishadi. Xohlagan odam yaponcha, koreyscha, ruscha reklama berishi mumkin deyishadi.
«Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganiga 30 yil bo‘lganiga qaramay, hanuz reklama tilini aniq qilib belgilab olmadik. Ko‘pchilik MDH davlatlarida esa ayni paytda reklama davlat tilida berilishi amalda belgilab qo‘yilgan.
Ayni paytda bizda ham «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririga reklamalarning davlat tilida berilishi zarurligi va reklama beruvchi xohishiga ko‘ra uni istalgan tilda takroriy variantini ham e'lon qilish mumkinligi haqida o‘zgartirish kiritmoqdamiz.
Lekin asosiy talab – o‘zbek tilidagi varianti, albatta, bo‘lishi zarur.
Bundan tashqari, bolalar uchun mo‘ljallangan mahsulotlar reklamasiga ayrim talablar qo‘shilyapti. Masalan, turli oziqlantiruvchi bo‘tqalar reklamasiga «Ona sutidan foydalanish zarur» degan mazmundagi iborani qo‘shamiz. Chunki bu kabi mahsulotlarni asosan onalar xarid qiladi. Shuning uchun bu eslatma foydadan xoli bo‘lmaydi.
- Yashirin reklamaga ruxsat beriladi
O‘zgarishlardan yana biri – «Product placement»ga ruxsat berilayotgani. Bu atama, misol uchun, bitta ko‘rsatuvda boshlovchining qaysidir brend mahsulotini yashirin reklama qilib berishiga nisbatan ishlatiladi. Bunda boshlovchi bitta kompaniyaning soatini taqishi yoki brend nomi tushirilgan biror buyumidan foydalanishi mumkin.
Shu kunga qadar bu turdagi reklamalarga ruxsat berilmasdi. Lekin reklama beruvchilar aynan shu usulda mahsulotini tanishtirishni xohlamoqda.
«Product placement»ga ruxsat berilishi tadbirkorlarga yanada ko‘proq imkon beradi. Mayli, ularning sevimli kino qahramonlari mashhur qozonlarda ovqat qilishsin, yashirin reklama usullaridan foydalanib, mahsulotini tanitishsin, biroq buning uchun shartnoma tuzgan holda soliqlarni to‘lashsin.
Bunda mediamahsulotda iste'molchilarga ham reklama mavjudligini bildirish zarur.
Bugun turli internet nashrlarida ayrim blogerlar, kanal yoki sahifa yurituvchilar tomonidan reklamalar tartibsiz va boshqa ma'lumotlardan ajratilmagan holda berilayotgani ham noto‘g‘ri.
Ulardan alohida reklama postidan foydalangan holda bu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil qilishlari lozimligini so‘ragan bo‘lardik.
- Reklama joylashtirish savodxonligi bo‘lishi zarur
– Ijtimoiy tarmoqlar orqali berilayotgan reklamalarning ishonchliligi va ularning mavjud qoidalarga rioya qilgan holda mahsulot yoki xizmat haqida ma'lumot berayotganini nazorat qilishning imkoni bormi?
– Bu yo‘nalishdagi kamchiliklar blogerlar yoki boshqa ijtimoiy tarmoq yulduzlariga reklama berish tartiblari to‘g‘risida yaxshiroq ma'lumot bera olmayotganimiz bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki Instagram`da 3 million kuzatuvchisi bor xonanda reklamani boshqa ma'lumotlardan ajratgan holda berish lozimligini bilmasligi mumkin.
Gap bu yerda hali soliq va boshqa tushum undirish haqida ham emas, reklama berish savodxonligi haqida ketyapti.
Aslida blogerlar, internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlardagi turli kanallar adminlari, kim bo‘lishidan qat'i nazar, reklama berish orqali daromad olayotgani tufayli soliq to‘lashi ham zarur.
Birinchi navbatda ulardan to‘g‘ri va hech qaysi iste'molchining huquqini cheklamagan holda reklama joylashtirishini so‘raymiz.
- Bot orqali jamoatchilik nazorati tashkil qilinadi
– Yuqorida ta'kidlanganidek, bugun internet tarmoqlarida, umuman, hayotimizning hamma qismida reklama shu qadar ko‘pki, ularning barchasini nazorat qilish imkoni bormi, degan savol tug‘iladi.
– Bu borada biz omma bilan ishlamoqchimiz. Odamlar bilan bog‘lanish uchun alohida bot yaratiladi va xohlagan kishi reklamani faqatgina xorijiy tilda, o‘zbek tilidagi varianti yo‘q holda ko‘rsa, uni rasmga olgan holda bizga yuborishi mumkin.
Va shundan keyin reklama tarqatuvchiga nisbatan chora ko‘ramiz.
Bu holatda bitta istisnoli holat bor: turli tillarda faoliyat yuritadigan OAVlar mavjud. Masalan, rus, qozoq yoki ingliz tilida chiqadigan jurnallar yoki telekanallar. Ularga o‘zlari faoliyat yuritadigan tilda reklama berish imkoni beriladi.
Bundan tashqari, OAVlarda reklamalar darajasini 10 foizdan 20 foizga yetkazish ham oldinga qo‘yilgan maqsadlardan biri.
Shuningdek, o‘quv qurollarida, daftar, kundaliklarda reklama elementlari bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- «Soyabonli reklamalar»ga ham ruxsat berilmaydi.
– Qonun buzilish holatlari aniqlansa, qanday chora ko‘rilishi mumkinligi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– «Reklama to‘g‘risida»gi qonunni qo‘pol ravishda buzgan yuridik shaxslarni jarimaga tortish rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda aytish joizki, O‘zbekistonda quyidagi mahsulotlar reklamasi taqiqlangan:
- qurol-yarog‘;
- alkogol mahsulotlar;
- tamaki;
- kalyan;
- qimor bilan bog‘liq mahsulot va xizmatlar;
- retsept bilan sotiladigan dorilar;
- psixotrop, portlovchi mahsulotlar.
Bundan tashqari, «soyabonli reklamalar»ga ham ruxsat berilmaydi. Masalan, mashhur brend ostidagi sigaret nomi ostida boshqa ishlab chiqarilgan tovarni, aytaylik, sokni reklama qilish mumkin emas.
Shuningdek, «Sales promotion» tushunchasi mavjud bo‘lib, yangi mahsulotni tatib ko‘rishni tavsiya qiladi. Xuddi shu narsani tamaki va alkogol mahsulotlariga nisbatan ishlatish mumkin emas.
Agar shu ko‘rinishdagi mahsulotlar reklamasi bilan shug‘ullansa yoki boshqa qonun buzilishi holatlarini sodir etadigan bo‘lsa, bunday shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilanadi.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Intervyuning birinchi qismi: Toshkentdagi kamida 30 foiz reklama shitlari noqonuniy o‘rnatilgan – soha mutaxassisi bilan suhbat
Mavzuga oid
15:10 / 13.12.2024
Onkologik kasalliklar davosi haqida reklama joylashtirgan MChJ jarimaga tortildi
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
09:43 / 14.11.2024
Qonuniy tashqi reklama konstruksiyasi noqonuniy buzilganda biznes-ombudsmanga xabar berish mumkin
12:28 / 11.11.2024