21:00 / 21.10.2019
0
9332

Kataloniya hukumati rahbari lavozimiga Xosep Gvardiola nomzodini ilgari surish rejalashtirilmoqda - OAV

Foto: PA_Images/TASS

“Barselona”ning sobiq murabbiyi, hozirda “Manchester Siti” klubiga murabbiylik qilayotgan kataloniyalik Xosep Gvardiola Kataloniya hukumati – Jyeneralitat rahbari lavozimiga “Kataloniya uchun birgalikda” milliy harakatidan nomzod bo‘lishi mumkin.

Bu haqda Kataloniya demokratik partiyasi hamda muxtoriyatning sobiq rahbari Karles Puchdemon atrofidagi manbalarga iqtibos keltirgan holda “Konfidensyal” ispan nashri xabar berdi. 

“A-Be-Se” ispan nashri manbalarining ma'lum qiliishicha, hozirda Kataloniyani boshqarayotgan Kim Torra va muxtoriyatning sobiq rahbari Karles Puchdemondan “battarroq” nomzodlarni tasavvur qilish qiyin. Shu sababli ispan nashri Gvardiolaga umid bog‘lash “Kataloniya uchun birgalikda” harakati uchun yutqiziqsiz, biroq sobiq futbolchining o‘zi uchun xatarli variant bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi.

Bu orada na Gvardiola, na Kataloniya demokratik partiyasi, na “Manchester Siti” bu boradagi rejalarni aniq tasdiqlagan.

Ta'kidlanishicha, Kataloniya demokratik partiyasi “Kataloniya uchun birgalikda” harakati bilan yaqin aloqada.

Gvardiola o‘yinchi sifatida 6 karra Ispaniya chempioni, 2 karra Ispaniya kubogi sohibi, bir martadan Yevropa chempionlari kubogi, Kubok egalari kubogi va UYeFA Superkubogi sohibi bo‘lgan. Terma jamoa safida Olimpiya chempioni (Barselona, 1992 yil) bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan.  

38 yoshli Pep murabbiy sifatida “Barselona” bilan 3 martadan Ispaniya chempionati va Ispaniya superkubogida, ikki martadan Ispaniya kubogi, Chempionlar ligasi, UYeFA Superkubogi va klublararo jahon chempionatida g‘alaba qozongan. Myunxenning “Bavariya”si” bilan 3 marta Germaniya chempionatini, ikki marta Germaniya kubogini, bir martadan UYeFA Superkubogi va klublararo jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan. “Manchester Siti” uning murabbiyligi ostida ikki marta Angliya chempionatini, Futbol ligasi kubogi va Angliya superkubogini, bir marta Angliya kubogini qo‘lga kiritgan. 

Kataloniyalik mutaxassis “Barsa” va “ManSiti” klublari tarixidagi eng unvondor murabbiy hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top