Jahon | 22:45 / 22.10.2019
7197
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyalik «o‘rgimchak-ayol» qoyaga ko‘tarilish bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatdi

“O‘rgimchak-ayol” laqabi bilan ma'lum bo‘lgan indoneziyalik Ariyes Susanti Raxaya Xitoyda qoyaga ko‘tarilish bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatida jahon rekordi o‘rnatdi va aqlbovar qilmas tezlikni namoyish qilib ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylandi.  

24 yoshli sportchi 15 metrlik devorga 6,995 soniyada ko‘tarila oldi va tezkor ko‘tarilish bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Raxaya aprel oyida xitoylik Song Yulin o‘rnatgan jahon rekordini (7,101 soniya) yangilay oldi.  

Tezkor ko‘tarilish 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi dasturiga ilk bor kiritilgan qoyaga ko‘tarilish bo‘yicha musobaqalarning uch yo‘nalishidan biri hisoblanadi. Raxaya Olimpiadada oltin medalga asosiy da'vogarlardan bo‘lishi kutilmoqda.

O‘rgimchak-ayolning rekord urinishi videosi ijtimoiy tarmoqlarda millionlab namoyish va ko‘plab maqtovli izohlar to‘plagan.