Navoiydagi JIEMda vafot etgan mahbus ishi: Advokat marhum o‘limi tergovchilar tomonidan yashirilgan deb hisoblaydi
23 oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Navoiydagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida vafot etgan Sh.S. ishi bo‘yicha sud majlisi davom ettirildi. Sud majlisida shu kungacha olib borilgan sud tergovi tugagani va sud muzokara qismi boshlangani e'lon qilindi.
Muzokara so‘z dastlab prokurorga taqdim etildi. Prokuror muzokara nutqida jinoyat ishi fabulasiga to‘xtalib o‘tirmadi.
Prokuror: – «Sudlanuvchilarning jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan sodir etgan ayblari inkor etib bo‘lmaydigan dalillar, guvohlar ko‘rsatuvlari bilan o‘z tasdig‘ini topdi. Dastlabki tergov organi tomonidan E.M., X.Sh., K.J. va D.A.ning ayblari jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan to‘g‘ri malakalanib huquqiy baho berilgan. Sudlanuvchilarga jazo tayinlashda ularning aybiga qisman iqrorligi, pushaymonligi, shaxsi, oilaviy holati, sodir etgan jinoyatining ijtimoiy ahvoli, sudlanmagani hisobga olinishini so‘rayman.
Yuqoridagilarni hisobga olib, K.J.ga jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan 3 yilga muayyan huqudan mahrum qilish, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, 2016 yil 12 apreldagi Oliy majlis Senatining amnistiya to‘g‘risidagi qarori bilan tayinlangan asosiy jazodan ozod qilishingizni so‘rayman».
Prokuror suddan boshqa sudlanuvchilarga ham yuqoridagi jinoyat bo‘yicha jazo tayinlashni va amnistiya asosida asosiy jazodan ozod qilishni so‘radi.
Jabrlanuvchi, ya'ni marhum S.Sh.ning onasiga ham so‘z berildi. Jabrlanuvchi farzandini ayblanayotganlar o‘ldirmagani, bir so‘z aytishga qiynalishini aytdi.
Shundan so‘ng, muzokara so‘z navbati advokatlarga berildi.
Advokat – «Jabrlanuvchining vakili sifatida fikrim shuki, jabrlanuvchi S.Sh ning o‘limi yuzasidan Navoiy viloyati prokuraturasi organlari, ya'ni Navoiy maxsus prokuraturasi tergovchisi V.Utamurodov, Navoiy maxsus prokurori R.Maxamov tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tergov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tergovchilari S.Maxamatkulov, R.Matxalikov tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha protsessual harakatlarni o‘tkazish tergov harakatlari bir tomonlama, ya'ni ishning haqiqiy holatini yashirish, jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan olib qolish maqsadini ko‘zlagan holda olib borilgan deb hisoblayman. O‘lim sabablari tergov organi tomonidan atayin fosh etilmagan. Mahbus 64/47-sonli koloniyada qiynoqqa solingani, uni urib, do‘pposlab, elektr toki bilan azob berishgani holatlari yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsada, tergov organi ushbu holatlarni fosh etish, jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rmagan. Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi (JK 104-modda), badanga og‘ir shikast yetkazilishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishida ifodalangan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning harakatlari (JK 235-modda) jinoiy javobgarlikdan saqlab qolingan. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etish yo‘li bilan hisobdan yashirilgan.
Sudlanuvchilar E.M., X.Sh., D.A.ga 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jazo tayinlashingizni, K.J.ga nisbatan oqlov hukmi chiqarishingizni so‘rayman. Marhumning o‘limi yetkazilgan tan jarohatlari natijasida kelib chiqqani sababli jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasi 1-qismiga asosan tegishli qaror bilan materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga jinoyat ishi qo‘zg‘atib yangitdan tergov harakatlarini o‘tkazish uchun yuborishingizni so‘rayman».
Jabrlanuvchining advokatlaridan biri ham jinoyat ishida marhumga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etgan JIEM xodimlariga nisbatan alohida material tariqasida ajratib prokuratura organlariga jo‘natishni so‘radi. Shuningdek, ushbu ish doirasida 200, 175, 99, 94, 31 va 17-sonli sud-tibbiy ekspertizalarda asoslanmagan ekspertlarga nisbatan xususiy ajrim chiqarishni so‘radi.
Sudlanuvchilar E.M. va D.A.ning himoyachisi Nigora Izzatullayeva ham so‘zga chiqdi. Advokat sudlanuvchi E.M.ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziltepa tuman sudi tomonidan jinoyat kodeksining 116-moddasi bo‘yicha jazoni o‘tayotganini hisobga olishni, qo‘shimcha jazo tayinlamaslikni so‘radi. Shuningdek, advokat Izzatullayeva sudlanuvchi D.A.ning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q deb hisoblab oqlov so‘radi.
Sudlanuvchi K.J.ning himoyachisi, advokat Fozil O‘rulov ham muzokara nutqida ba'zi holatlarga e'tibor qaratishni so‘radi: «Tergovda protsessual normalar qo‘pol ravishda buzilgan. Tergov jarayoni asossiz cho‘zilgan. Ayblanuvchi, guvohlarning huquqlari buzilgan holda o‘tkazilgan. Ayblov xulosasi qonunga zid tarzda tuzilgan.
Ekspertizalardagi ba'zi muhim qismlar texnik xato deb tushirib qoldirilishi ham qiziq. Ekspertizadagi eng muhim masalalar yozilmayapti. Nima emish – texnik xato emish. Shuningdek, har bitta tergov jarayonida qatnashib, guvoh iqror bo‘ladimi, yoki ayblanuvchilarni so‘roq qilinadimi, bularning hammasida ekspert Haydarov Muhammadali o‘zini xuddi tergovchidek tutib so‘roq-savol qilgan. Lekin bu faktlar so‘roq bayonnomalarida ekspert savol bergani, ishtirok etgani qo‘shilmayapti. Bundan kelib chiqsa, tergov jarayoni shubha ostiga olinadi va xolisligiga ishonmaymiz. Jamiyatda ikki kasbdagilar, ya'ni huquqshunoslar va shifokorlar inson taqdirini hal qiladi.
Men biror joyda himoyam ostidagi shaxsning aybi bor joyni biror joyda ko‘rmadim. O‘lim sababi deya aytilayotgan sepsis kasalligi marhum toshturmada bo‘lgan vaqtda birorta bir belgi aniqlanmagan. Himoyam ostidagi shaxsga qo‘yilgan ayblov noto‘g‘ri deb hisoblayman. K.J.ga nisbatan jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlov hukmi chiqarishingizni so‘rayman. Shuningdek, tergov harakatlari qonunchilikka zid ravishda olib borilgani, materiallardagi kamchiliklarni, bir xil vaqtda ikki xil hujjatlar mavjudligi, tergov jarayonlari noto‘g‘ri bo‘lganini inobatga olib tergovchiga xususiy ajrim chiqarishingizni so‘rayman».
Advokatlarning ko‘pchiligi muzokara nutqida marhumning sepsis bilan vafot etgani fikriga qo‘shilmasligini aytishdi.
Sudlanuvchilarga muzokara so‘zi berilganida, ular bu narsani atayin qilishmagani, bo‘lib o‘tgan ishlar uchun marhumning onasidan kechirim so‘rashlarini aytishdi.
Shundan so‘ng taraflarning qo‘shimcha fikr bildirish huquqi berildi.
Prokuror – «So‘rov berish yo‘li bilan aniqladikki, Begboyev birinchi ekspertizada so‘rov xati bilan chaqirilmagan. Xuddiki ko‘chada o‘tib ketayotgan shaxsni «yur ekspertizada qatnashib bergin» degandek qatnashgan. Shuningdek, u birinchisida qatnashmaganini aytib, ikkinchi ekspertizada ham qatnashishga urinmoqda. Yadgarovaning ekspertizasida kriminalist-ekspertga oldingi ekspertiza xulosalari taqdim etilmagani aytildi. Ekspertizada, ko‘rsatmalarda qarama-qarshiliklar kuzatildi. Izoh berolmagan holatlar bo‘ldi. Ekspert o‘z xulosasi uchun mas'uliyat his qilishi kerak. Yuqoridagilarni inobatga olib, Yadgarova boshchiligidagi xulosalarni, suddagi ko‘rsatmalarni nomaqbul dalil deb topishni so‘rardim.
Bir inson vafot etdi, uning uch nafar farzandi qoldi. Marhumning onasining tinchi yo‘qolgan. Bemorda katetirizatsiya qilingan. Bu kichik operatsiya hisoblanadi».
Advokat: «Begboyev qatnashishga huquqi bormi, yo‘qmi? Lekin boshqa gistologlar ham xuddi shunday xulosaga kelgan. Bu sabablar bilan nomaqbul deb topish noto‘g‘ri deb hisoblayman. Bu ekspertiza xulosasini maqbul dalil deb topishni so‘rayman. Shifokorlar tomonidan davolanmagani boshqa narsa, maxbusning o‘limiga sabab bo‘lish boshqa narsadir».
Sud majlisi 1 noyabr kuniga qoldirildi. Unda taraflarga so‘nggi so‘z beriladi.
Mavzuga oid
14:58
Sud Igor Strelkovga shartli ravishda ozod etish bo‘yicha rad javobi berdi
18:05 / 22.01.2025
Tramp prezidentlikka kirishgan kuniyoq bir necha sudga berildi
15:19 / 21.01.2025
«O‘ng yuzingizga urganda, chapini tutib bermaslik kerak» – jim turish va advokat talab qilish huquqi haqida
16:20 / 16.01.2025