O‘zbekiston | 19:04 / 24.10.2019
13563
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalar saylovda qatnashish uchun o‘z hududlariga qaytishi shart emas – MSK

Vakillik organlariga saylovlarda har bir saylovchi o‘z pasporti bilan o‘zi istagan saylov uchastkasiga borib, ovoz berish huquqiga ega. Shu jumladan, oliygoh talabalari ham.

O‘zbekistonda joriy yilgi saylovda qatnashuvchilarning elektron ro‘yxati shakllantirilmoqda. Shu orqali saylovchilar nafaqat o‘zlari ro‘yxatga olingan saylov uchastkasida, balki respublikadagi istalgan saylov uchastkasiga borib ovoz berishlari mumkin bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasi o‘quv markazi direktori Shuhrat Fayziyevning ma'lum qilishicha, saylovchi ovoz bergan vaqt va manzil ham elektron bazaga kiritiladi, natijada u ikkinchi marta ovoz bera olmaydi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, ushbu yangilik o‘z hududidan tashqarida tahsil olayotgan talabalarga ham taalluqli.

«Ma'lumki, Toshkent shahrida juda ko‘p oliy o‘quv yurtlari mavjud bo‘lib, hududlardan kelib tahsil olayotgan talabalar [doimiy] turar joyi yoki o‘zlari ijarada turgan hududlar orqali yagona elektron ro‘yxatga kiritiladi.

Va talabalarda 2ta tanlov bo‘ladi: ular ijarada turgan manzillari va talabalar turar joylari orqali o‘zlari biriktirilgan saylov uchastkasidan ovoz berishlari yoki agarda ta'til davri boshlansa, o‘z hududlariga qaytishlari ham mumkin», dedi Shuhrat Fayziyev payshanba kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligiga saylovlar 22 dekabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid