Sport | 20:06 / 25.10.2019
6142
2 daqiqa o‘qiladi

Dzyudo. Hikmatillo To‘rayev bronza medalini qo‘lga kiritdi

Abu-Dabi shahrida davom etayotgan dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turniri ikkinchi kunida o‘zbekistonlik Hikmatillo To‘rayev -73 kg vaznda bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Yarimfinalgacha barcha raqiblarini mutlaq ustunlikda mag‘lub etgan Hikmatillo ushbu bosqichda kutilmaganda kanadalik Artur Margeledonga yutqazib qo‘ydi. Bronza medali uchun bahsda esa belgiyalik Dirk Van Titcheldan ustun keldi.

Ushbu vaznda turnir g‘olibligini turkiyalik Bilol Chilo‘g‘li qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana bir uchinchi o‘rin germaniyalik Igor Vandetkega nasib etdi.

-81 kg vazn koreyalik Leye Mon Jin oltin, gruziyalik Luka Maisuradzu kumush, Vedat Albayrak va Dominik Ressel bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Ushbu vaznda musobaqada qatnashgan o‘zbekistonlik Kamoliddin Rasulov 7-o‘rin bilan kifoyalandi. U chorak finalda turkiyalik Vedat Olbayrakka, bronza uchun bahsga o‘tish bosqichida esa germaniyalik Dominik Resselga yutqazdi.

-63 kg vazndagi qizlar bahslarida sloveniyalik Tina Trestinyak (oltin), kubalik Maylin Del Tro Karvajal (kumush), xitoylik Yang Junxia va Keytlin Kuadros (bronza) shohsupaga ko‘tarildilar.

-70 kg vaznda finalda gollandiyalik Kim Polling vatandoshi Sanne Van Deykedan ustun keldi, avstriyalik Mixaela Polleres va venesuelalik Elvismar Rodregez bronza medallariga ega bo‘lishdi.

Ushbu vaznda musobaqada qatnashgan o‘zbekistonlik Diyora Keldiyorova 3-davragacha yetib keldi va shu bosqichda ishtirokini to‘xtatdi.

Mavzuga oid