Jamiyat | 10:55 / 25.10.2019
5443
3 daqiqa o‘qiladi

Nukusda BMT shafeligidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

24 oktabr kuni Nukus shahrida BMT shafeligida «Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyasi hududi» deb nomlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Tadbirning dastlabki kunida anjuman ishtirokchilari Orol dengizining qurigan tubiga tashrif buyurib «Kemalar qabristoni» bilan tanishishdi. Shuningdek, Mo‘ynoq tumanidagi madaniyat markazi va muzeyini, Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyini tomosha qilishdi.

25 oktabr kuni Berdaq nomidagi teatrda konferensiyaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Boriy Alixanov, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgu Kenesi raisi Musa Yerniyazov, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Natalya German, BMT Bosh kotibi yordamchisi Abdulayye Deyye, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi maxsus vakili Piter Burian, xorij davlatlari diplomatik korpuslari, xalqaro ekologik tashkilotlarning vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbirda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaati namoyish qilindi.

Qayd etish joizki, Xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 avgustda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta'sischi davlatlari rahbarlari sammitida e'lon qilingan tashabbuslari va takliflari doirasida tashkil etilmoqda. 

Anjuman doirasida Barqaror rivojlanish bo‘yicha davlatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi ham rejalashtirilgan bo‘lib, yig‘ilishda komissiya raisligi Turkmanistondan O‘zbekistonga o‘tadi.

Konferensiyada Prezidentning uchta tashabbusini ilgari surish: Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini tashkil etish konsepsiyasi loyihasi; Orolbo‘yi mintaqasini «Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» deb e'lon qilish to‘g‘risidagi BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi; Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy dastur taqdimoti va muhokamasi o‘tkaziladi.

Anjuman sessiyalari va yig‘ilishlari davomida O‘zbekistonning Orolbo‘yi hududini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha loyihaviy takliflari alohida taqdim etiladi (umumiy qiymati 33 million dollarlik 24 loyiha).

Anjuman doirasida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish, «yashil iqtisodiyot», ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish, cho‘llanish va ekologik migratsiyaning davom etishiga barham berish va ekoturizmni rivojlantirish yo‘nalishlarida yalpi hamda parallel yig‘ilishlar bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid