Jahon | 22:16 / 25.10.2019
26696
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Iskandar Maqduniyning o‘limi sababini aniqlashdi 

Foto: RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

Buyuk yunon hukmdori Iskandar Maqduniyning (Aleksandr Makedonskiy) o‘limiga avval hisoblangandek, bezgak, ich terlama yoki zotiljam emas, oshqozon osti bezining yallig‘lanishi - pankreatitning og‘ir shakli hisoblangan pankreonekroz sabab bo‘lgan. Bunday xulosaga Gretsiyadagi Aristotel universiteti olimlari kelishgan. 

1995 yilda boshlangan tadqiqot davomida mutaxassislar Makedoniya shohining qadimiy tarixchilar tomonidan ta'riflangan kasalligi alomatlari va hayotining oxirgi kunlarini tahlil qilishgan.

Tadqiqot muallifi, tibbiyot professori Tomas Gerasimidisning ta'kidlashicha, Maqduniy o‘limiga o‘tkir pankreonekroz olib kelgan og‘ir sepsis sabab bo‘lgan. Maqduniyda pankreonekroz, o‘z navbatida, o‘t pufagida tosh paydo bo‘lishi va buyuk sarkardaning spirtli ichimliklar va yuqori kaloriyali ovqatlarga ruju qo‘yishi sababli rivojlangan. 

Ta'kidlanishicha, Maqduniy kasalga chalinib, vafot etgunga qadar 14 kun o‘tgan. U kasalligining birinchi kuni yuqori tana harorati bilan kechgan oshqozondagi qattiq og‘riqlardan aziyat chekkan. Shu sababli shifokorlar sarkardaga o‘sha vaqtda davolash usuli sifatida qo‘llangan qayt qildirishni qo‘llashgan. Keyin Maqduniyning haroratini tushirish uchun sovuq vanna qilingan. 2-kun Maqduniy holdan toyib, uni titroq bosgan. 3-kuni uning tana harorati yana ko‘tarilib, ko‘p terlagan va nafas olishida muammolar boshlangan. Keyingi 11 kun ichida sarkardaning ahvoli tobora yomonlashib borgan, muloqot qilishida muammolar paydo bo‘lib, alahsiray boshlagan.

Maqduniy miloddan avvalgi 336 yildan to vafot etguncha qadar - 323 yilgacha Makedoniya shohi bo‘lgan. O‘zining uzoq davom etmagan hukmdorligi vaqtida u 70 ta shaharga asos solgan va Fors imperiyasini zabt etgan. U Bobilda vafot etgan va taxmin qilinishicha, Misrda dafn qilingan. Iskandarning o‘limidan keyin u tashkil etgan imperiya parchalanib ketgan.

 

Mavzuga oid