Jahon | 20:10 / 27.10.2019
89560
9 daqiqa o‘qiladi

Al-Bag‘dodiy halok bo‘lgani e'lon qilindi. Rossiya shubhalanmoqda

IShID jangarilari rahnamosi, o‘z shafqatsizligi bilan ajralib turgan va Yaqin Sharqda «xalifalik» tuzgan Abu Bakr al-Bag‘dodiy amerikalik harbiylar tomonidan o‘tkazilgan amaliyot natijasida o‘ldirildi. Bu haqda Donald Tramp o‘zining rasmiy murojaatida ma'lum qildi.

Tramp so‘nggi uch yil davomida amerikalik harbiylarning birinchi raqamli nishoni aynan Abu Bakr al-Bag‘dodiy bo‘lganini ta'kidlagan.

Havo zarbalari Turkiya va Suriya chegarasidan 5 km masofada - Turkiya armiyasining kurdlar ustiga yurishidan keyin Rossiya harbiy politsiyasi nazorat qilayotgan hudud yaqinida berilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa amerikaliklarning amaliyoti muvaffaqiyatiga shubha bilan qaramoqda.

«Bu xuddi kinodek edi»

AQSh armiyasining maxsus topshiriqli bo‘linmalari jangchilari al-Bag‘dodiyning Suriya shimoli-sharqidagi Barisha qishlog‘ida joylashgan uyi yaqiniga tushirilgan va harbiylar uy ichiga bostirib kirishgan. Al-Bag‘dodiyning joyi aniqlanganda u yerdaligi ma'lum bo‘lgan bolalarning 11 nafari tashqariga olib chiqilgan, taslim bo‘lishni istamagan Bag‘dodiy tunnel orqali qochishga uringan, ammo bu urinish muvaffaqiyatsiz chiqqan.

«Biz ko‘plab tunnellar borligini bilardik, ularning faqat bittasidan tashqari barchasi to‘silgandi. Itlarimiz uni tunnelda ta'qib qilishdi. Yakunda u o‘zini yonidagi uch bolasi bilan birga portlatib yubordi», - degan Tramp va portlash oqibatida jasadlar tanib bo‘lmas darajaga tushgani, ammo ekspertiza xulosalariga ko‘ra terrorchining shaxsi aniqlanganini qo‘shimcha qilgan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, terrorchi yo‘q qilinganidan so‘ng 15 daqiqa ichida bu IShID rahbari ekani o‘z tasdig‘ini topgan. «Test natijalari bu aniq al-Bag‘dodiy ekanini ko‘rsatdi», – dedi prezident.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur operatsiya 2 hafta oldin boshlangan edi. Ammo al-Bag‘dodiyni yo‘q qilishga birinchi urinishlar muvaffaqiyatsiz kechgan: kamida uch marta amaliyot bekor qilingan.

«Lekin Suriya hududidan askarlarimizni olib chiqa boshlaganimizning bu amaliyotga aloqasi yo‘q», – dedi Tramp.

Amaliyot vaqtida AQSh tomonidan yo‘qotishlar bo‘lmagan. Tramp amerikalik harbiylarning bitta iti jarohatlanganini aytib o‘tdi.

Pentagon rahbari Mark Esperning ma'lum qilishicha, amerikaliklar al-Bag‘dodiyni imkoni boricha tiriklayin ushlashga harakat qilishgan. Buning imkoni bo‘lmaganda esa nishonni yo‘q qilish buyurilgan edi. Shu maqsadda harbiylar avvaliga Bag‘dodiyni taslim bo‘lishga ko‘ndirishga urinishgan.

«Biz uni tashqariga chaqirishga urindik, o‘zi taslim bo‘lishini so‘radik. U rad qildi. U yerosti yo‘laklariga tushib ketdi va uni u yerdan olib chiqishga urinish vaqtida o‘zini portlatdi», – dedi Esper CNN muxbiri bilan suhbatda.

AQSh Mudofaa vaziriga ko‘ra, amaliyot vaqtida amerikaliklar tomonidan ikki askar yengil jarohat olgan, hozirda ular allaqachon o‘z vazifasini o‘tashga qaytgan.

Tramp bayonotdan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berar ekan, 26 oktabr oqshomidagi operatsiyani Oq uyning situatsion xonasida «xuddi kino ko‘rgandek» tomosha qilib turganini ma'lum qildi.

AQSh yetakchisining aytishicha, uning yonida vitse-prezident Mayk Pens, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari Mark Milli va boshqalar bo‘lgan. Oq uy mulozimi Dan Skavino tvitterda ayni jarayon vaqtida olingan suratni e'lon qildi.

Chapdan o‘ngga: vitse-prezident Mayk Pens, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Robert O'Brayyen, Donald Tramp, mudofaa vaziri Mark Esper, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari – armiya generali Mark Milli, Birlashgan qo‘mitaning maxsus operatsiyalar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Markus Evans.

«Men amaliyotning kechishini shtabdan turib kuzatdim, bu xuddi kino tomosha qilishdek edi», - degan Tramp.

U Rossiya va Turkiyaga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan, Rossiya amerikaliklar aviatsiyasi uchun yo‘lak ochib berganini qo‘shimcha qilgan.

«Turkiya muammo hosil qilmadi. Ular biznikilarga o‘t ochib qolishlari ham mumkin edi, ammo bunday bo‘lmadi», - deya javob bergan AQSh prezidenti Turkiyaning bu amaliyotdagi roli haqidagi savolga javoban.

«Men amaliyot arafasida ruslar bilan gaplashib, biznikilar yo‘lga chiqishgani haqida aytdim», - degan Tramp. - Ular shunday deyishdi: «Ogohlantiruv uchun rahmat».

Rossiya muvaffaqiyatga ishonmayapti

Rossiya Mudofaa vazirligi Trampning murojaatidagi so‘zlarga munosabat bildirib, amerikaliklar aviatsiyasi harakatidan xabardor emasligini ma'lum qildi.

«Go‘yoki bu «amaliyot»da to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etganlar soni ko‘pligi, har birining bayonoti bir-biriga zid bo‘lishi bu amaliyot o‘tkazilganiga, ayniqsa muvaffaqiyatli yakunlanganiga shubha va savollar tug‘diradi», - degan Rossiya harbiy muassasasi vakili Igor Konashenkov.

Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, shanba kuni Idlib hududida havo zarbalari berilgani sezilmagan, vazirlikdagilar amerikaliklar aviatsiyasi harakatlari haqida boxabar bo‘lmagan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, jangchilar IShID rahbarining uyida ikki soat davomida bo‘lishgan va muhim hujjatlarni olishgan. Shundan keyin uy keyinchalik IShID tarafdorlarining ziyoratgohiga aylanmasligi uchun «yer bilan bitta qilingan».

Abu Bakr al-Bag‘dodiy kim edi?

Uni IShID rahbari va jahonning birinchi raqamli jinoyatchisi deb atashadi, u ko‘p yillardan beri ta'qibda. 2011 yilning oktyabrida AQSh uni rasman «terrorchi» deb atagan va u qayerdaligi haqidagi ma'lumot uchun 10 mln dollar miqdorida mukofot e'lon qilgan.

Uning haqiqiy ismi Ibrohim Avad al-Badri hisoblanadi. U 1971 yilda Bag‘doddan 125 km shimolda joylashgan Samarra shahrida tug‘ilgan.

Ayrim manbalarga ko‘ra, u 2003 yilda koalitsiya kuchlari Iroqqa bostirib kirgan vaqtda Samarradagi masjid imomi bo‘lgan. Ayrim ekspertlarning taxmin qilishicha, u Iroqning sobiq rahbari Saddam Husayn boshqaruvi vaqtidayoq ekstremistga aylangan edi.

Ammo u Iroq janubidagi Kemp-Bukka lagerida (bu yerda «Al Qoida»ning ko‘plab qo‘mondonlari saqlangan) o‘tgan 4 yil davomida radikallashgani aytiladi.

U haqda 2010 yilda gapira boshlashdi, o‘shanda keyinroq IShIDga aylangan «Iroqdagi Al-Qoida» guruhi shakllangandi. 

Uzoq vaqt davomida Bag‘dodiy Suriya va Iroq chegarasidagi hududda yashirinib kelishi haqida gaplar yurardi. 16 sentabr kuni IShID 30 daqiqalik audioxabar tarqatdi, unda Bag‘dodiyniki ekani aytilgan ovoz tomonidan IShID tarafdorlari harbiy amaliyotlar o‘tkazishga chaqiriladi.

2017 yil iyunida Rossiya Mudofaa vazirligi ham al-Bag‘dodiy Suriyaning Raqqa shahri yaqinidagi aviazarba oqibatida halok bo‘lganini ma'lum qilgandi. Aviazarba IShID yetakchilari yig‘ilgan binoga berilgandi. Ammo o‘shanda AQSh boshchiligidagi Xalqaro aksilterror koalitsiya bu xabarni tasdiqlamagandi.

Ikki nomzod IShIDning yangi rahbari bo‘lishga tayyorlanmoqda

Al-Bag‘dodiy o‘limi haqidagi dastlabki xabarlar tarqalganidan so‘ng IShIDning boshqa yetakchilari nima qilishini bilmay qolishgan.

«IShID yetakchisi o‘ldirilgach, ular ushbu voqeada bir-birlarini ayblashni boshladi va guruh a'zolari orasida tarqoqlik hukmronlik qilmoqda», — deydi Iroq razvedkasi vakili. 

Manba so‘zlariga ko‘ra, Al-Bag‘dodiy bilan birga uning xavfsizlik xizmatini boshqargan Gazvon Ar-Rauriy hamda iroqlik bir nechta terrorchi ham o‘ldirilgan.

Al-Bag‘dodiyning o‘rnini uning ikki yordamchisidan biri egallashi mumkin. Al Mayadeen telekanali IShID terrorchilari Abu Abdul Rahmon al-Jyezraviy hamda Abu Usmon al-Faransiy tashkilot rahbarligiga da'vogarligini xabar qildi.

Mavzuga oid