Jahon | 20:55 / 30.10.2019
58804
8 daqiqa o‘qiladi

Podpolkovnik prezidentga qarshi: Trampning Zelenskiy bilan suhbati guvohi Kongressda ko‘rsatma berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp va uning Respublikachilar partiyasidagi tarafdorlari AQSh armiyasi podpolkovnigi Aleksandr Vindmanni keskin tanqid qilishmoqda. Urush faxriysini hatto josus deb atashmoqda, u Kongressda Oq uy Ukraina hukumatiga bosim o‘tkazishga uringani haqida ko‘rsatma berishga rozi bo‘lgandi.

Aleksandr Vindman Oq uyda Ukraina bo‘yicha asosiy ekspert hisoblanadi / AFP

O‘z navbatida Vindman haqida salbiy izohlar bildirgan AQSh prezidenti va uning tarafdorlari demokratlarning keskin tanqidlariga nishon bo‘lishmoqda.

AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden Oq uy rahbarining izohini pastkashlik deb atadi, senator-demokrat Kamala Harris esa bunga sharmandalik deb baho berdi. Ilk marta demokratlarning pozitsiyasini Respublikachilar partiyasining ko‘zga ko‘ringan vakillari qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Prezidentlikka sobiq nomzod Mitt Romni AQSh prezidenti so‘zlarini absurd deb atadi. Vakillar palatasi a'zosi Liz Cheyni podpolkovnik Vindmanni haqiqiy vatanparvar deb hisoblashini aytdi va bunga shubhalanuvchilar «uyalishi kerakligi»ni qo‘shimcha qildi.

Aleksandr Vindman kim o‘zi?

AQSh armiyasi podpolkovnigi Vindman 2018 yil iyulida AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Yevropa departamentiga direktor etib tayinlangandi. U Oq uyda Ukraina masalalari bo‘yicha ekspert hisoblanadi.

Aleksandr Vindman 1975 yilda Kiyevda tug‘ilgan. Uning onasi vafot etgach, oila boshlig‘i Semyon uch nafar farzandi bilan AQShga emigratsiya bo‘lishga qaror qilgan. SSSRni u uch o‘g‘li - katta o‘g‘li Leonid va to‘rt yoshli egizaklar Aleksandr va Yevgeniy bilan birga tark etgan.

Vindman Vladimir Zelenskiyning inauguratsiya marosimida qatnashgandi / EPA

Oila Nyu-Yorkda, Brayton-Bichda qo‘nim topgan, bir necha yil o‘tib egizaklar «Ozodlik haykali» nomli hujjatli film qahramonlari ham bo‘lishgan.

Uch o‘g‘il ham harbiy sohani tanlashgan. Aleksandr avvaliga Nyu-York shtatidagi Binghempton universitetini tamomlagan, keyin Harvardda magistr darajasini olgan. Uning biografiyasida qayd etilishicha, u rus va ukrain tillarida erkin gaplasha oladi.

U 1999 yilda ilk zobitlik unvonini olgan, keyinroq Janubiy Koreya va Germaniyada xizmat qilgan. 2004 yilda u kapitan unvonida Iroqdagi urushga yuborilgan, bir oy o‘tib qo‘lbola bomba portlashi oqibatida og‘ir jarohat olgan. Keyinroq Vindman «Qirmizi yulduz» ordeni bilan taqdirlangan.

2008 yildan u AQShning Kiyev va Moskvadagi elchixonalarida ishlay boshlagan, keyin Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbarining Rossiya masalasi bo‘yicha maslahatchisi lavozimini egallagan.

Nihoyat AQSh Milliy xavfsizlik kengashida ishlash bo‘yicha taklifni qabul qilgan Vindman Ukraina bilan munosabatlardagi siyosatni shakllantirishga mas'ul hisoblanadi. U shu yil bahorida Ukrainaning yangi prezidenti Vladimir Zelenskiyning inauguratsiyasi marosimi vaqtida hozir bo‘lgan Amerika rasmiy delegatsiyasining besh nafar a'zosidan biri bo‘lgandi.

Uning egizagi, podpolkovnik Yevgeniy Vindman ham AQSh Milliy xavfsizlik kengashi xodimi hisoblanadi va yuridik departamentda faoliyat ko‘rsatadi. Egizaklarning Oq uydagi xonalari ro‘para joylashgan. 

Trampning jahli chiqdi

New York Times nashri 28 oktabr kuni podpolkovnik Aleksandr Vindman kongressning uchta qo‘mitasining yopiq majlisida ko‘rsatma berishga tayyorligi haqida xabar tarqatdi.

Nashrda urush faxriysi, ma'muriyatning Ukraina bo‘yicha asosiy mutaxassislaridan biri bo‘lgan podpolkovnik Donald Tramp va Vladimir Zelenskiyning mojaroli telefon muloqotiga jonli guvoh bo‘lgan amaldorlardan biri ekani aytilgandi. Bu muloqotdan ikki hafta oldin u Oq uyda Amerika va Ukraina delegatsiyalari muzokaralarida ham ishtirok etgan.

Seshanba kuni, Vindmanning kongressdagi chiqishiga bir necha soat qolganida Tramp o‘z an'anasiga ko‘ra tvitterida bu borada izohlar qoldirdi va «bu odam Ukraina prezidenti bilan suhbatidagi gaplarini hech qachon eshitmagani»ni aytib, OAVni yana bir bor sotilganlikda aybladi.

Oq uy advokati Rudolf Juliani esa podpolkovnik Vindmanni «josus» deb e'lon qildi va u «Ikki mamlakatga (AQSh va Ukraina) xizmat qilib parishon ahvolga tushgani»ni aytib o‘tdi.

Vindman nima dedi?

Podpolkovnik o‘z chiqishida immigrant ekanini aytgan va shu bilan birgalikda vatanparvarligini, shu tufayli kongressda ko‘rsatma berishga qaror qilganini ta'kidlagan.

U ikki epizodga e'tibor qaratgan. U bu holatlardan g‘azablangan va Milliy xavfsizlik kengashining yuridik maslahatchisiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Shu yilning 10 iyulida Vindman Oq uyda amerikaliklar va ukrainaliklar delegatsiyasi muzokarasida (Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton va Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining o‘sha vaqtdagi raisi Aleksandr Danilyuk o‘rtasidagi muzokara) ishtirok etganini eslagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev prezident Zelenskiyning Tramp bilan uchrashish istagini bildirganida, AQShning YeIdagi elchisi Gordon Sondlend buning uchun ukrainlar tomoni «AQShdagi saylovlarga aralashish masalasida, Baydenlar oilasi va «Burisma» kompaniyasi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishga rozi bo‘lishi kerakligi»ni aytgan.

Ikkinchi epizod esa  AQSh va Ukraina prezidentlarining telefon orqali muloqoti hisoblanadi. Podpolkovnik u o‘z shikoyati bilan prezident impichmenti jarayoni boshlanishiga sabab bo‘lgan «maxsus xizmatning anonim xodimi emasligi»ni ta'kidlagan. U shuningdek, ikki prezident o‘rtasidagi suhbat mazmunini bayon etmagan, u buni «kongressning barcha a'zolari allaqachon OAVda e'lon qilingan rasshifrovka bilan tanishligi» bilan izohlagan.

Vindmanni Trampning Zelenskiy bilan suhbati xavotirga solgan / WHITE HOUSE

«Meni bu suhbatning mazmuni tashvishga soldi. Menimcha, kimdir boshqa bir davlat hukumatidan AQSh fuqarosiga nisbatan tekshiruv o‘tkazishni talab qilishi mumkin emas. Meni shuningdek,  Ukraina bu shartni bajarmasligining oqibatlari ham tashvishlantirdi.

Agar Ukraina baribir Baydenlar va «Burisma» bo‘yicha tekshiruv boshlasa, bu AQShdagi siyosiy o‘yinlarda bir partiya tomonida turib ishtirok etish sifatida baholanadi. Bu holda Ukraina ikki partiyaning ham (Respublikachilar va Demokratlar) qo‘llovini yo‘qotadi. Qolaversa, bularning barchasi AQSh milliy xavfsizlik tizimiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi», degan podpolkovnik.

Podpolkovnikning ta'kidlashicha, mojaroli telefon suhbatidan biroz oldinroq Oq uyning budjet masalalari bo‘yicha idorasi kongress tomonidan ma'qullab bo‘lingan bo‘lsada, Ukraina uchun ajratilgan 391 million dollarlik harbiy yordamni to‘xtatishga qaratilgan «noodatiy choralar ko‘rgan»di.

Aleksandr Vindman ikki prezident suhbatini tinglab, ko‘rsatma bergan ilk amaldor bo‘ldi. Qayd etilishicha, ushbu faxriy hech qachon siyosiy partiyalardan biriga simpatiya bildirmagan.

Vashingtondagi kuzatuvchilar fikricha, aynan shuning uchun uning chiqishi Oq uyda va ayrim respublikachilar orasida bunday keskin reaksiya keltirib chiqardi.

«Endi prezident ma'muriyati uning so‘zlariga raddiya berish uchun juda aniqlik bilan himoya strategiyasi tanlashi kerak», - deydi o‘z nomi sir qolishini so‘ragan ma'muriyatning sobiq xodimlaridan biri The Hill nashriga.

Aziz Qarshiyev tayyorladi

Mavzuga oid