Sport | 23:35 / 31.10.2019
17956
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempioni bo‘lgan qamashilik qizlarga pul mukofoti berildi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida istiqomat qiluvchi Nigora Abdullayeva va Tursunoy Jabborova og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati oltin medaliga sazovor bo‘lishdi.

Foto: KUN.UZ

Qamashi tumanida bir qator sport inshootlarining foydalanishga topshirilishi yoshlarni sportga bo‘lgan ishtiyoqini oshirmoqda. Xususan, og‘ir atletika sport turida tuman yoshlarining erishayotgan natijalari quvonarli.

2019 yilning mart oyida AQShda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasidagi og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati milliy terma jamoa uchun muvaffaqiyatli o‘tgani bilan esda qoldi. Unda vakillarimiz jami 16 medal jamg‘arishdi.

Mazkur jahon chempionatida qamashilik Nigora Abdullayeva 3 oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Tursunoy Jabborova 1 oltin va 2 kumush medallarni o‘ziniki qilgandi.

Shuningdek, yaqinda KXDR poytaxti Pyongyang shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatida ishtirok etib kelgan sportchilarimiz yuqori natijalarni qayd etishdi. O‘z vazn toifasida Tursunoy Jabborova tengsiz bo‘lgan bo‘lsa, Nigora Abdullayeva kumush medalni qo‘lga kiritdi.

«Jahon va Osiyo chempionatlarida ko‘rsatilgan ushbu natijalar qizlarimizga Olimpiada yo‘llanmasi uchun muhim reyting ochkolarini keltirgani sportchi qizlarimiz oldiga yanada yuksak marralarni qo‘ymoqda», — deydi tuman Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi inspektori Faxriddin Choriyev.

Tuman hokimligida Tokio olimpiadasiga yo‘llanma olishda yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lgan T.Jabborova va N.Abdullayeva hamda boshqa yosh sportchilar bilan tuman hokimi Sherali Sanayevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Hokim sportchi qizlarni yuksak natija bilan tabriklab, oldinda turgan musobaqalarda omad tiladi.

Jahon va Osiyo chempionatlari sovrindorlari Nigora Abdullayeva va Tursunoy Jabborovaga tuman hokimligi tomonidan 5 million so‘mlik mukofot pullari berildi.

— Har bir inson yurakdan mehnat qilsa albatta, o‘ylagan natijasiga erishadi, — dedi jahon chempioni Tursunoy Jabborova. – Mukofot va tuman hokimimizning ishonchlari uchun tashakkur aytaman. Asosiy maqsadim bo‘lgan olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun tinimsiz mehnat qilaman.

Mavzuga oid