O‘zbekiston | 22:07 / 31.10.2019
58944
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda kaltaklangan o‘smir voqeasi yuzasidan rasmiy ma'lumot berildi

30 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, o‘smir yigitning ikki kishi tomonidan kaltaklangani aks etgan video muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Tasvirda o‘smir yigit ikki kishi tomonidan velosiped rezinasi bilan besh daqiqa davomida shafqatsiz tarzda kaltaklanganini ko‘rish mumkin. Video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, yetim va kasalmand ekani aytilayotgan o‘smirni kaltaklayotganlarning o‘zini masxaraomuz tutishi e'tiroz uyg‘otgan.

Samarqand shahar IIO FMB mazkur holat yuzasidan Kun.uz’ga ma'lumot taqdim etdi. Unda aytilishicha, mazkur video tarqalganidan so‘ng Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan.

Holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tergovoldi tekshiruv davomida aniqlanishicha, Samarqand shahri Ziyokorlar ko‘chasida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan U.H. onasini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, gaplariga quloq solmasdan, alkogol va tamaki mahsulotlarini istemol qilishga ruju qo‘ygan. Shu sababli onasi qarindoshi — 1988 yilda tug‘ilgan I.H.ga o‘g‘lini tarbiyalash va to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘yishni so‘ragan.

Mazkur voqea 2019 yilning avgust oyi o‘rtalarida sodir bo‘lgan. I.H. qarindoshi U.H.ni Spitamen shohko‘chasida joylashgan temirchilik ustaxonasiga olib borib, u yerda ukasi 1997 yilda tug‘ilgan I.I. bilan birgalikda turli jismlar, ya'ni velosiped g‘ildiragining charmi va arqon bilan urib do‘pposlagan. Yana bir kishi voqeani tasvirga olib turgan.

Oktabr oyida 1983 yilda tug‘ilgan F.K. videotasvirdagi qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilishini istab, Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalar orqali tarqatib yuborgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda, —deyiladi Samarqand shahar IIO FMB xabarida.

Mavzuga oid