O‘zbekiston | 19:18 / 31.10.2019
7804
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid statistik raqamlar ochiqlandi

Bugun, 31 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. 

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va uning hududiy idoralari tomonidan 2019 yilning 9 oyi davomida jami 4 mln. 607 ming 34 ta yo‘l harakati qoidabuzarligi, jumladan 2 mln. 55 ming 254 ta qo‘pol qoidabuzarlik, 25120 nafar mast haydovchi, 252072 nafar qoidabuzar piyodalar aniqlandi.

Bu davrda 19436 ta transport vositasini boshqarish vaqtida uyali telefondan foydalanish, 779909 ta xavfsizlik kamaridan taqmagan holda transport vositasini boshqarish, 628 ta monitordan foydalanish yoki o‘zboshimchalik bilan o‘rnatish, 41179 ta transport vositasini sug‘urta polisisiz boshqarish qoidabuzarliklari aniqlandi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Shuningdek, 18422 nafar huquqbuzarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma'muriy hujjatlar tegishli choralar ko‘rish uchun sud idoralariga yuborilib, ularning 8492 nafari (46,1 foizi) transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan.

Shu jumladan, 12778 nafar transport vositasini mast holda boshqargan haydovchilarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma'muriy hujjatlar sud idoralariga yuborilib, ularning 8639 nafari (67,6 foiz) transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etildi hamda 795 nafariga ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

2019 yil 9 oyda qoidabuzarliklarga nisbatan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini oshirish maqsadida jami 3407 ta sayyor sud majlislari tashkil etildi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Hisobot davrida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida umumiy yo‘l-transport hodisalari 16,5 foizga (6236 tadan 5207 taga), ularda halok bo‘lganlar soni 13,1 foizga (1607 nafardan 1396 nafarga), jarohatlanganlar soni 17,8 foizga (5864 nafardan 4821 nafarga) kamayishiga erishildi.

Shuningdek, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni 10,7 foizga (981 tadan 876 taga), haydovchilar aybi bilan sodir etilgan YTHlari 18,4 foizga (5594 tadan 4567 taga), mast holdagi haydovchilar aybi bilan sodir etilgan YTHlari 32,6 foizga (135 tadan 91 taga), piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari 23,6 foizga (3332 tadan 2544 taga) kamaydi.

Mavzuga oid