O‘zbekiston | 23:00 / 01.11.2019
8988
2 daqiqa o‘qiladi

Nega O‘zbekistondagi saylovlarda elektron ovoz berib bo‘lmaydi? MSK vakili izoh berdi

Saylovlarda elektron ovoz berish tizimi O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilmagan. Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida mazkur holatga izoh berdi.

«Bilamiz, ko‘p davlatlarda nafaqat elektron ovoz berish, [balki] elektron ovozlarni sanab chiqish tizimlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Biz bu davlatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib, kuzatib turibmiz», – dedi MSK rasmiysi.

Istamovning so‘zlariga ko‘ra, ovoz berishda elektron tizimning yo‘lga qo‘yilishi o‘sha davlatlardagi mavjud muammolar bilan bog‘liq. Ya'ni bu tizim joriy etilgan davlatlarda fuqarolarning saylovdagi ishtiroki darajasi sust. Shu boisdan, odamlarga qulaylik yaratish, ularni saylovlarga ko‘proq jalb etish maqsadida elektron ovoz berish imkoni yaratilgan.

«O‘zbekistonda bunday muammo yo‘q. Chunki fuqarolarimizning davlatimiz taqdiriga daxldorlik hissi kuchli. Saylovlarda doimiy ravishda katta qism saylovchilar qatnashadi. Shuning uchun biz bu masalada ko‘p yillar davomida sinalgan konservativ yo‘ldan boryapmiz», – deb ta'kidladi Mahmud Istamov.

MSK vakili elektron ovoz berish tizimining qulayligini tan olgani holda, O‘zbekistonda mazkur amaliyotni joriy qilish uchun ikkita jihatdan kafolat bo‘lishi kerakligini aytdi.

«Birinchidan, yashirin ovoz berish tamoyilining buzilmasligi. Ikkinchidan, tashqi aralashuvning oldini olish.

Agar bizda mana shu ikkita masalada kafolat bo‘lsa, qat'iy ishonchimiz bo‘lsa, biz bosqichma-bosqich elektron ovoz berishni ham, elektron ovozlarni sanab chiqishni ham saylov amaliyotiga kiritishni o‘ylashimiz mumkin», – dedi Istamov.

Mavzuga oid