Sport | 19:30 / 06.11.2019
87904
4 daqiqa o‘qiladi

«Hamma o‘zbeklar kabi intiluvchan - «Rostov» muxlislari va Karpin Shomurodov haqida qanday fikrda?

Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbirlari 10 kun davomida Rossiyaga safar uyushtirdi. Bu safardan ko‘zlangan asosiy maqsad Rossiya chempionatida «Rostov» klubi safida yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Eldor Shomurodovning qanday hayot kechirayotgani, klubdagilar va muxlislarning u haqdagi fikrlarini bilish edi. Rossiya safari davomida Rostov, Krasnodar va Moskvada bo‘lgan sayt ijodkorlari 5 qismdan iborat o‘ziga xos ko‘rsatuv tayyorlashdi.

Ko‘rsatuvning birinchi qismida «Rostov» muxlislaridan Eldor haqidagi fikrlarini so‘radik. Shuningdek, klub bosh murabbiyi Valeriy Karpin, O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchilari Andrey Akopyans va Nikolay Shirshov ham Shomurodov haqida fikrlarini aytishdi.

Rossiya chempionatining 14-turidan o‘rin olgan «Rostov» — «Sochi» o‘yinidan oldin «Rostov-Arena» oldida mahalliy muxlislardan Eldor haqida so‘radik. Uning nomini eshitishi bilan ko‘pchilik muxlislarning yuzida tabassum paydo bo‘ldi va o‘zbekistonlik futbolchi haqida to‘lqinlanib, u hammadan zo‘r ekani haqida gapirishdi. Ukraincha shevaga tortib ketadigan rostovlik muxlislarning gaplaridan Eldorni bu shaharda yaxshi ko‘rishlari ko‘rinib turardi.

«Rostov» bosh murabbiyi Valeriy Karpin esa o‘zbekistonlik hujumchi haqida iliq fikr bildirar ekan, uni «barcha o‘zbeklar kabi intiluvchan» deb atadi.

«Eldorga bir narsani ikki marta aytish shart emas, u maydondagi ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajaradi. U tarbiyali yigit va bunday futbolchi bilan ishlash yoqimli. Eldor hozir Yevropaning katta chempionatlarida o‘ynay olmasligi mumkin, ammo ishlashda davom etsa, xohlagan chempionatida bemalol o‘ynab ketadi. Eldor barcha o‘zbeklar kabi intiluvchan», deydi murabbiy.

Rostovda yashayotgan yana bir hamyurtimiz Nikolay Shirshov Eldor haqida fikr bildirib, uni ayni damda Artyom Dzyuba bilan birga RPLning eng yaxshi hujumchisi deb atadi.

«To‘g‘risi, Eldorni Rostovga kelishidan avval tanimasdim. Hamyurtim bizning jamoaga kelganini eshitib, albatta xursand bo‘ldim. Jamoa mashg‘ulotiga keldim va tanishdik, juda yaxshi yigit ekan. U ayni damda Dzyubani hisobga olmasa, RPLning eng yaxshi hujumchisi», deydi o‘zbekistonlik sobiq futbolchi.

O‘zbekiston terma jamoasining yana bir sobiq futbolchisi Andrey Akopyans ham ayni damda Rostovda istiqomat qiladi. 1999 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Akopyans ham Shomurodov tarbiyali yigit ekanini ta'kidladi. Shuningdek, Akopyans Eldor gol ura olmayotgan vaqtida qiynalgani haqida ham gapirib berdi.

«Eldor juda tarbiyali yigit. U oldingi mavsumda gol ura olmayotgan vaqtida boshqa klublarning taklifi haqida gapirgandi. Men gol urmasam bo‘lmaydi, degan fikrni xayolingdan chiqarib tashla deb aytgandim. U qiyin vaziyatdan chiqib ketganidan xursandman», deydi u.

Kun.uz saytining Rostovdagi safaridan tayyorlangan boshqa materiallarni ham birma-bir e'tiboringizga havola qilib boramiz. Keyingi qismlarda muxbirlarimiz Eldor Shomurodovning uyida mehmon bo‘lishadi. Shuningdek, Nikolay Shirshov va Andrey Akopyans bilan uyushtirgan suhbatlarimizni ham tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.

O‘tkir Jalolxonov, Muhammadjon G‘aniyev. Kun.uz muxbirlari

Mavzuga oid